O’tgan bir yil ichida avtoritar tuzumlar kuchayib, terror hujumlari soni oshib, dunyo bo’ylab erkinlik yanada toptaldi, deya qayd etmoqda Freedom House, “Ozodlik uyi” tashkiloti o’zining yangi hisobotida.
Your browser doesn’t support HTML5
Inson huquqlari har tomonlama cheklangan mamlakatlar ro’yxatida, har doimgidek, O’zbekiston va Turkmaniston ham bor.
“Ozodlik uyi” xulosasiga ko’ra, dunyo ahli demokratik tamoyillarga asoslangan xalqaro tizimni shakllantirish orzusidan har qachongidan yiroq.
“Ilgari aksar diktatorlik tuzumlari xalqaro kelishuvlar va inson huquqlarini e’zozlaymiz deb so’zda bo’lsa-da bong urar edi, bugun esa ular yakkahokimlik eng ma’qul yo’l deb ochiqchasiga e’tirof etadi”, - deydi hisobot muallifi Arch Puddington.
O’tgan bir yilni olaylik: progress kuzatilgan mamlakatlar ahvol yomonlashgan davlatlardan ikki baravar kam. Tunisga ilk bor “erkin” degan maqom berildi.
“Ozodlik uyi” o’rganib chiqqan 195 mamlakatdan 89 tasi “erkin”, 55 tasi “qisman erkin” va 51 tasi “erkin emas” degan kategoriyalarga bo’lingan. Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy erkinliklar, uzviy huquqlar mutlaqo cheklangan o’ntalikka O’zbekiston, Turkmaniston, Saudiya Arabistoni, Shimoliy Koreya va Suriya ham kiradi.
Suhbatdoshga ko’ra, Rossiya Qrimni o’ziniki qilib olgani demokratik me’yorlar ochiqchasiga oyog’osti qilinayotganiga eng yorqin misoldir.
Ukraina bu yilgi hisobotda “qisman erkin”, Rossiya esa “erkin emas” deb belgilangan. Bunga sabab - ommaviy axborot vositalari va fuqaro jamiyati ustidan nazorat, davlat telekanallarida esa propaganda kuchayganidir.
Ayrim toifadagi fuqarolarning xorijga chiqishiga qo’yilgan cheklovlar ham Rossiya past baho olishiga hissa qo’shdi, deydi Arch Puddington.
Markaziy Osiyo repressiya ostida yashayotgan mintaqa bo’lib qolmoqda. Odatda qo’shnilardan yaxshiroq baho oladigan Qirg’iziston fuqaro jamiyati faoliyatiga cheklovlar qo’ygani uchun tanqid qilinadi.
Tojikistonda hukumat muxolif partiyalarni ta’qib qilishda davom etmoqda.
O’zbekistonda esa Islom Karimov chorak asrdan beri rahbar va kursini hali beri bo’shatishi kutilmayapti. Muxolifatga toqat yo’q. Karimov, ko’plab fuqarolar nazarida, xavfsizlik va barqarorlik garanti; unga qarshi chiqish esa xavfli.