Global iqlim o’zgarib borarkan, kelajak avlod okean sathining ko’tarilishi, to’fonlarning kuchayishi kabi muammolar bilan ko’proq yuzlashadi. Ularni yechish uchun talantli muhandislar, aqlli g’oyalar kerak. Kelajak shahri tanlovi maktab o’quvchilarini kerakli ko’nikmalarni o’rganishga qiziqtiradi. Bu yil unda 40 ming o’quvchi qatnashdi.
Vashingtonda o’tgan Kelajak shahri tanlovining final bosqichiga Xitoydan ham o’quvchilar kelgan.
“Biz yaratgan shaharning ko’rki – ko’prik. Unda shamol turbinalari o’rnatilgan. Ko’prik asosiy qatnov yo’li hamdir”, - deydi shanxaylik maktab o’quvchisi.
Konkursda o’smirlar tabiiy ofatlarga bardosh bera oladigan shaharni loyihalashi kerak. Bu yilgi mavzu – ofatlarga, masalalar zilzilaga chidamlilik.
Maketlar xarajati 100 dollardan oshmasligi va qayta ishlanadigan materiallardan yasalishi kerak.
“Kanalizatsiya va akkumulyatori soch quritgichniki. Kontakt linzalar qutichasini ham ishlatganmiz”, - deydi texaslik o’quvchi.
Maketlarda injenerlik mahorati ko’rinib turadi. O’quvchilar shaharning tabiiy ofatlarga moslashuvchanlik xususiyatini ochib berishi kerak.
“To’g’onlar beton va po’latdan, yirik to’lqinlarga chidamli. Suv ko’tarilganda sun’iy yo’ldosh tizimni ishga tushiradi”, - deydi Aydaho shtatidan kelgan guruh a’zolari.
Gap faqat infrastrukturada emas. Aholi xavfsizligi ham inobatga olinish kerak.
“50 qavatli bino qurayotganlar bilan shartnoma tuzib, 20 qavatini kam ta’minlangan oilalarga ajratish mumkin”, - deydi o’quvchilardan biri.
“DiscoverE” tashkiloti tanlovni 30 yildan beri o’tkazib keladi.
G’olib komandaga maktab ilmiy laboratoriyasi uchun 7500 dollar pul mukofoti, o’quvchilarga esa ilmiy-tadqiqotlarga ixtisoslashgan yozgi oromgohga yo’llanma beriladi.
Bu yil Pensilvaniya shtati maktabining qo’li baland keldi.
“Eng qiyini, yasagan narsalarimiz ishlamay qolganda vaziyatni boshqarish. Lekin jamoamiz bunga ham tayyor edi. Masalan, motor ishlamay qolganda juda xavotirlandik. Bunday holatlarda fikr almashish muhim”, - deydi g’olib komanda.
Qissadan hissa shuki, shahar qurish uni faqat loyihalashdan iborat emas.