Yaponiyada o'tgan Katta Yettilik sammiti xulosalari

  • Amerika Ovozi

Katta yetillik rahbarlarining Yaponiyadagi sammiti yakunlandi. Boy davlatlar global o'sishni dolzarb, ustuvor masala deya belgiladi.

"Pessimizm, tushkunlikka berilish bilan muammoni hal qilmaymiz", - dedi Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe. Uningcha, bugun dunyo 2008-yildagi kabi iqtisodiy tanazzul yoqasida turibdi.

Sammit oxirida Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya va Qo'shma Shtatlar jahon iqtisodiga doir qo'shma bayonot chiqardi. Har bir mamlakat o'z qudrati va ehtiyojlariga qarab o'sishni rag'batlantiruvchi choralar ko'rishi kerak, deyiladi unda.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, nafaqat ish o'rinlari yaratish, balki maoshlarni oshirish ham muhim.

32 sahifalik deklaratsiya, shuningdek, Shimoliy Koreyani yadro qurollari va ballistik raketalarni sinashni bas qilishga da'vat etadi. Hujjatda Xitoy haqida to'g'ridan-to'g'ri so'z bormaydi, biroq mamlakatlarga Janubiy Xitoy dengizi atrofidagi bahslarni hal qilishda yordam va'da qilingan.

Pekin qo'shnilar ham birday da'vo qilayotgan, tabiiy zaxiralarga boy bu dengizni agressiv ravishda o'zlashtirishda davom etmoqda.

Katta Yettilik Qrim yarimorolining Rossiya tomonidan o'zlashtirilganini yana bir bor qoralab, Moskvaga qarshi amaldagi sanksiyalar kuchaytirilishi haqida ogohlantirdi. Lekin agar Rossiya Ukraina suverenitetini hurmat qilish kabi shartlarga ko'nsa, sanksiyalar bekor qilinishi mumkin, deyiladi deklaratsiyada.