Xalqaro tashkilotlar G’azo sektorini qayta qurishga kirishmoqda

  • Amerika Ovozi

Xalqaro gumanitar tashkilotlar Isroil va XAMAS guruhi o’rtasidagi janglarda G’azo sektori qanchalik zarar ko’rgani, Falastin hududlarini tiklash qanchaga tushishini hisob-kitob qilmoqda.

11 kunlik zo’ravonlikka sulh bilan yakun yasaldi va xalqaro vositachilar tinchlik davomiy bo’lishini ta’minlash harakatida. Misr delegatsiyasi bugun Isroilda muzokaralar olib borayapti. Kelasi hafta AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken mintaqaga safar qilishi mumkin.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, janglarda taxminan 275 odam halok bo’ldi, 8000 kishi yaralandi, 17 ta tibbiy yordam markazi vayron bo’lgan. Dori-darmon va tibbiy jihozlar yetishmayapti.

Otishma to’xtagan bo’lsa-da, BMTning falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi agentligi (UNRWA) rahbari Matias Shmalening aytishicha, portlamay qolgan bombalar G’azo aholisi uchun xavfdir. Agentlik hududni tiklash ishlariga endigina kirishmoqda.

“Aholi qo’rquvda. Oxirgi uch urush, doimiy namoyishlar va COVID natijasida olingan travma ustiga yana travma qo’shildi. Faqatgina hududni qayta qurish emas, odamlar hayotini ham tiklash kerak”, - deydi Shmale.

Rekonstruksiya xarajatlari haqida gapirishga hali erta, deydi u, chunki avvalo ziyon ko'lamini baholash lozim.

Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasiga ko’ra, G’azoni ikki haftada yetkazilgan zarardan tiklash uchun bir necha yil yoki o’nlab yil ketishi mumkin.

“Avvalo favqulodda ehtiyojlar bilan shug’ullanamiz. Jarrrohlik operatsiyalari, sog’likni saqlash, suv va elektr energiyani tiklash. Undan keyin infratuzilma va aholining ruhiy salomatligi”, - deydi qo’mitaning Yaqin Sharq bo’yicha direktori Fabrizio Karboni.

Yaqin kunlarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti xalqaro hamjamiyatdan G’azo uchun gumanitar ko’mak ajratish murojaati bilan chiqadi. Hozircha Falastin hududlari uchun gumanitar jamg’armadan 14 million dollar ajratilmoqda.