G’azoda otashkesimni o’rnatishga qaratilgan muzokaralar Qohirada davom etarkan, Oq uy muloqot natija berishiga umid bildirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Muzokaralarning har xil past-balandlarini ko’rdik. Agar XAMAS garovdagi ayollar, keksalar va yaradorlarni qo’yib yuborsa, otashkesim ertagayoq bo’lishi mumkin. Isroil yaxshi taklif bilan chiqdi degan fikrdamiz. XAMAS qarshi taklif bilan chiqdi. Dunyo otashkesimga chaqirmoqda. Otashkesimga chaqirayotganlar XAMASga borib, o’tirib, kelishuv bo’lmaguncha gaplashing” deyishi kerak”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivan.
Ayrim tahlilchilar Vashingtonning signallari mavhum ekanini aytadi, ayniqsa Isroilning Rafahga qo’shin kiritish rejasiga kelganda.
“Ma’muriyat ba’zan Rafah amaliyotiga qarshidek ko’rinadi, ba’zan esa uni qo’llab-quvvatlab chiqadi”, - deydi Vashington instituti eksperti Deyvid Makovskiy.
Isroil Rafahni havodan hujumga olishda davom etarkan, tinch aholi orasida qurbonlar soni oshir bormoqda.
Qutqaruvchilar yaradorlarni shimoldagi Bayt Lahiya kasalxonasiga yetkazmoqda. Ular orasida bolalar ham bor.
Isroil XAMAS Jabaliyada faollashayotganini bildirarkan, askarlarini shaharga qayta yo’llagan.
Falastinlik bir tibbiy xizmatchining aytishicha, Isroil yaradorlar va vayronalar ostida qolgan odamlarga yordam berishga oshiqayotgan tez yordam mashinalarini ham nishonga olmoqda.
13-may kuni Isroil Rafahga olib boruvchi katta yo’lni to’sgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti shu kuni kasalxonaga yo’l olayotgan mashinalaridan biri Isroil hujumiga uchrab, bir xodimi o’lganini ma’lum qildi.
BMT Isroil Rafahdagi falastinliklarga shaharni bir hafta oldin tark etishni buyurganidan beri 360 ming odam uni tashlab chiqqanini ham bildirdi.
Odamlarning aksariyati sohil bo’yidagi joylarga qochmoqda, ammo BMT u yerda sanitariya holati yaxshi emasligi haqida ogohlantirmoqda.
Isroil hukumati gumanitar yordam to’siqsiz o’tkazilishiga va’da berganiga qaramay, ayrim isroilliklar ularning hududi orqali o’tayotgan gumanitar yuk mashinalarini to’xtatib, ichidagi mahsulotlarni yerga to’kayotgani aytilmoqda.