AQSh xusiylarga qarshi xalqaro koalitsiya tuzdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Qizil dengizda harbiy va tijoriy kemalarga tahdid solayotgan va hujum qilayotgan yamanlik xusiylarga qarshi xalqaro koalitsiya tuzilganini ma’lum qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 19-dekabr, 2023-yil

Dushanba kuni Isroilda bo’lgan Ostin bugun Bahraynda qirol Hamad bin Iso al-Xalif bilan ko’rishdi, Bahrayn va Qatarda joylashgan AQSh askarlaridan xabar oldi.

Isroildagi uchrashuvlari chog’ida Amerika vaziri uning mamlakati Isroilni so’zsiz qo’llab-quvvatlashini, Yaqin Sharqdagi muammolarni hal qilishda Qatar bilan hamkorlik samara berayotganini aytdi.

Ostin Isroilni tark etishi ketidan yahudiy kuchlar G’azo Sektorining Rafah shahrini qayta hujumga olib, mahalliy rasmiylarga ko’ra kamida 20 falastinlik o’ldirilgan.

AQShning xalqaro miqyosda inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkiloti Isroilni ochlikdan qurol sifatida foydalanayotganlikda aybladi, Isroil falastinliklarni suvdan ayirayotganini bildirdi.

BMTning Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti hamda UNISEF bolalar jamg’armasi vakillari Isroilning G’azodagi kasalxonalarga hujumlarini qoralab, sektordagi aksariyat kasalxonalar ishlamayotganini, tibbiy yordamga muhtoj falastinliklar qiynalayotganini aytishdi.

Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant uning mamlakati tinch aholi orasida talafotlarni kamaytirishga harakat qilayotganini aytdi.

“Biz o’z qadriyatlarimizni himoya qilarkanmiz, xalqaro qonunchilik asosida harakatlanyapmiz. Har safar gumanitar masalalar haqida gapirganda G’azoda garovda ushlab turilgan 129 kishini esdan chiqarmasligimiz kerak. Eng katta gumanitar masala shu”, - dedi u.

Gallantning Isroil xalqaro qonunga rioya qilayotgani haqidagi gaplari keskin tanqidlarga uchramoqda. G’azoliklar hozirgi urush oldingilaridan farq qilishini, Isroil tomonidan bu qadar vahshiylik va yovuzlik, vayronalarga guvoh bo’lishmaganini aytishadi.

Masalan, Rossiyaning Ukrainadagi ikki yillik urushida o’lgan bolalar soni Isroilning ikki oylik amaliyotida o’ldirilgan bolalar sonidan ancha kam ekani ta’kidlanadi.

Isroil hujumlarida G’azoda 50 mingdan ziyod odam yaralangan, ular orasida ham ko’p bolalar bor. Bundan tashqari mutaxassislar urushning bolalar ruhiy salomatligiga zararini alohida ta’kidlamoqda.

“Tunda uxlay olmaymiz. Raketalar portlashidan seskanamiz. XAMAS raketalari, Isroil raketalari kunu tun uyqu bermaydi”, - deydi 11 yashar Rafah Shahaban.

Falastin muxtoriyatining Bosh vaziri Muhammad Shtayya urushga darhol chek qo’yish kerak, deydi.

"Butun dunyo bosqin va istiloni to’xtatishga yordam berishi lozim”, - dedi u.

Falastinliklar bilan birdam ekanini bildirayotgan yamanlik xusiylar Isroil tomon yo’l olayotgan kemalarni hujumga olmoqda. Natijada yuk tashuvchi kompaniyalar Suets kanalini aylanib o’tishga majbur bo’lyapti. Bu esa qo’shimcha xarajatlarga sabab bo’lmoqda.

Xusiylarga qarshi chora ko’rish maqsadida AQSh mudofaa vaziri bir necha mamlakat birgalikda harakat qilishini bildirdi. Xususan Birlashgan Qirollik, Bahrayn, Kanada, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Norvegiya, Ispaniya va Seyshel orollari AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiyaga birlashgan. Ularning kemalari Qizil dengiz va Aden ko’rfazini birgalikda nazorat qiladi.