G’azoliklar: Bizga gumanitar yordam ko’rsatayotgan agentlikni yopmang

  • Amerika Ovozi

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu BMTning falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi idorasini XAMASga xayrixohlikda ayblab uni yopishga da’vat etishi ketidan g’azoliklar dunyo hamjamiyatini Isroil da’vatlariga e’tibor bermaslikka chaqirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 1-fevral, 2024-yil

Oktabr oyidan beri Isroil hujumlari oqibatida uylarini tark etishga majbur bo’lgan, yaqinlarini yo’qotgan, boshpana, oziq-ovqat, xavfsizliksiz qolgan xalq BMT agentligi yopilsa, hayoti yanada og’irlashishini aytadi.

Isroil idoraning yuzlab xodimini XAMASga xayrixohlikda, o’ndan ortiq vakilini 7-oktabr hujumida bevosita qatnashganlikda ayblayapti.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ichki tergov boshlagan, agentlikka katta pul ajratgan AQSh, Germaniya va yana bir necha mamlakat tergov yakunlanmaguncha moliyaviy yordamni to’xtatib qo’ydi. Bu tashkilot hisob raqamiga 440 million dollarga kam pul tushadi degani.

Tergov qancha davom etishi ma’lum emas.

Falastinliklar nazarida, Isroil ularga yillar davomida yordam berib kelgan tashkilotni bo’htonlar bilan yomonotliqqa chiqarishga harakat qilmoqda.

"Agentlik ishini to’xtatsa, bizda na yegulik, na suv bo’ladi, G’azo Sektorida hayot ham to’xtab qoladi. Bizni un, konserva mahsulotlari, ichimliklar bilan ta’minlab turgan ham shu tashkilot”, - deydi bir g’azolik.

Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansur BMT tergovi tugamasidan oldin agentlikka nisbatan chora ko’rmaslikka chaqirdi.

“Ba’zilar BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish agentligini o’zi uchun bugun kashf qilgan bo’lishi mumkin. Ammo G’arb uni 1949-yilda tashkil etgan. Agentlik 75 yil davomida millionlab falastinlik qochqinlarga gumanitar yordam ko’rsatishda ajoyib xizmat qilib keldi. Uning 13 ming dovyurak xodimi bo’lmaganida edi, G’azo Sektori bo’ylab gumanitar yordamni kim tarqatgan bo’lardi? Agentlikni yo’q qilmoqchi bo’lgan Isroil tuzog’iga tushmang, uni himoya qiling”, - dedi elchi.

Bu o’rtada G’azoning Xon-Yunus shahridagi al-Amal kasalxonasida kislorod yetishmasligidan operatsiyaga muhtoj 75 yashar ayol va 45 kunlik chaqaloq jon bergan.

Falastinlik shifokorlar va fuqarolarning aytishicha, Isroil shahardagi ikkita yirik kasalxona atrofini bombardimon qilishda davom etmoqda, natijada qutqaruvchilar vayronalar ostida qolgan odamlarga yordam berishga ojizlik qilmoqda.

Janubiy Afrika Tashqi ishlar vazirasi Naledi Pandor barcha mamlakatlarni Isroilning G’azodagi harbiy harakatlariga yordam berishni, ularni moliyalashni bas qilishga chaqirdi.

Pandor nazarida, Isroil G’azoda qatliomga qo’l urmoqda.

Janubiy Afrika Jahon sudiga da’vosida Isroilni falastinliklarga qarshi qatliomga mas’ul deb topishni so’ragan. Sud da’voni to’liq qondirmadi, Isroildan qatliomning oldini olishga chora ko’rishni so’radi.