Germaniya Afg'onistondagi harbiy texnikani O'zbekistonda qoldiradimi?

Germaniya parlamenti harbiylarning Afg’onistonda qolish muddatini yana 13 oyga uzaytirdi. Yangi qarorga ko’ra, mamlakatda nemis harbiylari soni 4900 dan 3300 kishiga qisqaradi. Shuningdek, joriy yil shimoldagi nemis harbiy bazalarining yopilishi kutilmoqda. Matbuot xabarlariga ko’ra, Afg’onistondan chiqarilayotgan harbiy texnika O’zbekistonda qolishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Germaniyaning Afg'onistondagi harbiy texnikasi, Malik Mansur


Germaniya parlamentida Afg'onistondagi harbiylar mandatini uzaytirish masalasi ko’pchilik ovoz bilan ma’qullandi. Zobitlar yana bir yilcha jang qiladi, faqat ularning soni sezilarli darajada kamayadi.

Bir yil davomida mingdan oshiq nemis askarining vatanga qaytishi kutilmoqda.

Ular o'zi bilan birga harbiy texnikani ham olib ketadimi, yo’qmi, hozircha noma’lum. Masala nemis matbuotida qizg’in muhokamada.

Markaziy Osiyoni yorituvchi jurnalist Markus Bensman so'zlariga ko’ra, matbuotda paydo bo’layotgan taxminlar hozircha rasman tasdiqlanganicha yo'q.

"Biroq Toshkentning Shimoliy tranzit yo’lagi orqali chiqarilayotgan texnikadan umidi bor gap. Berlin bu masalaga ijobiy yondashishi ehtimoldan xoli emas", - deydi u.

“Berlin rasmiylari ham, siyosiy elita ham Shimoliy tranzit yo’lagi, shuningdek, Termizdagi Germaniya harbiy bazasi uchun O’zbekistondan juda minnatdor. Shuning uchun Berlin Shimoliy tranzit xavfsizligini ta’minlash, bazani saqlab qolish uchun barcha choralarni ko’rishi shubhasiz. Germaniya O’zbekistonga qurol-yarog’ qoldirishi haqidagi gaplar haqiqatga juda yaqin. Biroq mintaqada vaziyat juda xavfli tus olmoqda. Chegaradagi ziddiyatlarni e’tiborga olsak, muzokara juda qiyin kechmoqda. Bunday paytda O’zbekiston harbiy salohiyatining oshishi ziddiyatlarni yanada kuchaytirishi mumkin. Boshqa tomondan, Rossiya Qirg’izistonni qurollantirmoqda. Bir milliard dollarlik qurol va’da berdi. Mintaqada urusholdi xavfi yuzaga kelayotgandek”, - deydi jurnalist.

Germaniya 2014-yildan keyin ham Afg’oniston tiklanishida faol ishtirok etishini, nemis mutaxassislari afg’on harbiylarini tayyorlashda qatnashishini bildirmoqda.

Parlamentda jangovar missiyani davom ettirish ko’pchilik ovoz bilan tasdiqlansa-da, qo’shinlarni zudlik bilan olib chiqish tarafdorlari ham bor.

2014-yildan keyin, deydi Bensman, afg’on muammosi G’arb uchun dolzarbligicha qolishi gumon.

“Shuncha vaqtdan buyon vaziyat yaxshilanmadi. Afg’oniston beqarorligicha qolmoqda, demokratik islohotlar natija bermadi. G’arb hozir ketishga shoshilmoqda. Germaniya 2014-yildan keyin ham bu mamlakatni tiklashda faol qatnashishini bildirmoqda, lekin men bunga ishonmayman”, - deydi u.

Germaniya Afg’onistonda harbiylari soni jihatidan AQSh va Britaniyadan keyingi o’rinda turadi. Bu yurt askarlari, asosan, shimolda xizmatda.

Nemislar jangovar missiya uchun Termizdagi bazadan foydalanadi, askarlar ta’minoti bevosita shu yer orqali amalga oshadi.