Nyut Gingrich prezidentlikka nomzod bo'lish rejasidan voz kechdi

  • Amerika Ovozi

Nyut Gingrich, Kongress Vakillar Palatasining sobiq spikeri

AQShda prezident saylovlarida Respublikachilar partiyasidan yagona nomzod bo'lish uchun kurashayotgan Mitt Romni so'nggi ichkipartiyaviy saylovlarda besh shtatda g'alaba qozongach, poygada qolayotgan ikki raqibidan biri, Vakillar Palatasi sobiq spikeri Nyut Gingrich kampaniyasini tugatishga qaror qildi. Kelasi hafta Gingrich rasman poygadan chiqib, Romnini qo'llab-quvvatlashini e'lon qiladi.

"Romni buning uchun olti yil mehnat qildi, kampaniyani jiddiy olib bordi. Albatta, prezidentlikka eng yaxshi nomzod men bo'lar edim, ammo saylovchilarning aksariyati o'zgacha fikrda ekan. Partiya ichidagi birligimizni yo'qotmasligimiz kerak. Barak Obamani mag'lub etish barcha konservativ kuchlar uchun muhimdir", - dedi Gingrich.

Arbob shu kungacha atigi ikki shtatda g'alaba qozongan - Janubiy Karolina va Jorjiyada. Kecha sobiq da'vogarlardan yana biri, Texas gubernatori Rik Perri ham Romnini nomzod sifatida qo'llab-quvvatlashini bildirgan. Perri poygadan chiqqach, Gingrichga yon bosgan edi.

Demokratlardan nomzod Barak Obama esa qayta saylanish uchun kampaniyasini kelasi hafta rasman boshlaydi. Prezident Virjiniya va Ogayo shtatlarida bo'ladi.