Kompyuter programmalashtirish Amerikada eng jadal o’sayotgan soha. Keyingi o’n yilda bu sektorda to’rt milliondan ziyod ish o’rinlari yaratiladi. Biroq bu ish joylarida ayollar kamchilik bo’lishi kutilmoqda. Bir dastur qizlarga kompyuter fanlarini o’rgatmoqda.
Nidhi Allani Vashingtondagi o’rta maktabning sara o’quvchisi, “PoliTeens” nomli vebsayt asoschisi:
“Siyosatda o’smir yoshlar juda kam. Shu kamchilikni tuzatishni maqsad qilganmiz. Biz yaratgan vebsayt o’ziga yarasha forumdir va o’smirlar unda siyosiy qarashlarini bildiradi, bahslashadi”.
Fibi Su va uning sinfdoshlari “reboot” nomli vebsayt ochgan:
“reboot” Vashington tevaragida yordamga muhtojlar uchun ma’lumot bazasini o’taydi”.
Bu o’quvchilar “Girls Who Code” (Programmalashni biladigan qizlar) nomli yozgi dastur qatnashchilari. Nyu-Yorkda asoslangan nodavlat tashkilot va texnologiya kompaniyalari birga ta’sis etgan loyiha qizlarga kompyuter fanlarini o’rgatadi. “BSA/Software Alliance” kompaniyasi loyiha ishtirokchilaridan.
“Kompyuter sohasida ish joylari juda ko’p. 2024-yilga borib Amerikada 4 yarim million ish o’rinlari yaratiladi degan taxminlar bor. Shundan bir millioni uchun mutaxassis yetishmasligi kutilmoqda. Umid qilamizki, bu loyiha ana shu sohada ayollar ish topishiga xizmat qiladi”, - deydi kompaniya xodimi Tina Furuki.
2012-yildan beri bu yozgi dasturda 10 mingdan ziyod o’quvchi qiz ishtirok etdi, bilim oldi. Yetti haftalik bepul loyiha programmalashdan mutlaqo savodi yo’q qizlar uchundir.
“Bu yoz programmalashtirishning har xil tillari bilan tanishdim. Turli kompyuter o’yinlari yaratdim. Xullas, maza qildim. Qilgan mehnatingiz mahsulini darrov ko’rar ekansiz”, - deydi Nidi Alani.
Dastur davomida o’quvchilar AQSh Fazoviy tadqiqotlar agentligi va boshqa texnologiya kompaniyalari idoralari ishi bilan tanishdi.
“Ayol rahbarlar, ayol mutaxassislar bilan ko’rishishadi. Shunda qizlar bu sohada o’z kelajagini ko’rishi mumkin bo’ladi”, - deydi Tina Furuki.
Ayrim o’quvchilar bo’lg’usi rejalarini aniqlab oldi hisob.
“Texnologiya sohasiga kirishni xayolimga keltirmagan edim. Lekin bugun fikrim o’zgardi. Programmalashtirish, texnologiya nihoyatda qiziq soha ekan. Olam-olam yangiliklar qilishim mumkin”, - deydi talaba Enni Gomez.
“Kompyuterdan bilimim oshib, o’zimga ishonchim ham ortdi”, - deydi Nidi Alani.
Dastur mualliflari bolalar bu bilimni yanada rivojlantirib, kasb qilib tanlaydi, degan umidda.