Rivojlangan mamlakatlarda kompaniyalar o’z savdo belgisini himoya qilish maqsadida millionlab dollar sarflaydi. Bu nihoyatda murakkab masala.
Vashingtonda o’tgan Savdo belgisi ko’rgazmasida mashhur ertaklar qahramonlaridek kiyingan yigit va qizlarni ko’rasiz. Ular mehmonlarga ma’lumot ulashmoqda.
”Savdo belgisi nafaqat rasm yoki logotipdan iborat. Odamlar buni tushunishi kerak. Barcha yoshdagilarni bundan boxabar qilishga harakat qilamiz. Ular qalbaki emas, balki savdo belgisiga ega, ya’ni “toza” mahsulot xarid qilish naqadar muhimligini tushunsin, deymiz”.
Patent va savdo idorasi xodimi Debra Kon “savdo belgisi” deganda nafaqat shakl, balki rang, hid va tovush ham tushunilishini aytadi. Ko’rgazmaga kelganlar buni eshitib ajablanadi.
”MGM kinostudiyasida suratga olingan filmlar boshida ko’rsatiladigan sherning o’shqirishi - ro’yxatga olingan savdo belgisi. Uni boshqa joyda ishlatish mumkin, lekin kinoda emas”.
Savdo belgisidan noqonuniy foydalanish – jinoyat. Katta ziyon, nafaqat moliyaviy, balki obro’ga ham putur yetadi. O’tgan yili AQShda 200 million dollarga teng qo’lbola mahsulot musodara qilindi.
Iste’molchi ham zarar ko’radi. C.T. Toner, GED Testing Service deb nomlangan va AQSh maktablari uchun testlar ishlab chiqadigan tashkilot vakili. Dunyo bo’ylab uning 3000 dan ortiq test markazi bor.
“Ko’rgazmaga kelganlar GED nomidan foydalanadigan ko’plab soxta programmalar borligini bilishi kerak. Biz odamlar aldanmasin, deymiz. Internet orqali 300 dollar to’lab, testdan o’tganligi haqida diplom olsa-da, keyin qalbaki ekani aniqlansa, qanday bo’ladi?! U bilan ish yoki o’qishga kirolmaysiz”.
1960-yillarda tvist raqsini ommalashtirgan Chabbi Cheker qandolat mahsuloti chiqara boshlaganida, tabiiy-ki, o’z savdo belgisiga ega bo’ldi.
“Chubby Chekerbar deb nomlanadi. Bir necha joyda sotilyapti. Lekin kelasi 2-3 yilda konfetni butun dunyo tanishiga ishonchim komil”,- deydi san’atkor.
Cheker uchun anjuman foydali bo’ldi. U o’z mahsulotini himoyalashni o’rgandi. Jahon bozoriga chiqmoqchi bo’lsangiz, majbursiz, deydi u.
“Agar savdo belgisi bo’lmagan mahsulot Xitoyda ishlab chiqarilgan bo’lsa va u yerdan Qo’shma Shtatlarga yuborilsa, sizning esa Xitoyda mahsulotga huquqingiz bo’lmasa, nima qilish kerak?”
Debra Kon savdo belgisi faqat bir mamlakat ichida ro’yxatga olinadi, deydi:
“Demak, savdo belgisi AQShda ro’yxatga olingan bo’lsa, faqat AQSh hududida u mahsulotga egalik huquqingiz bor. Har bir mamlakatda alohida ro’yxatga olish kerak.”
Deyvid Xolms uchun bu yangilik. U bastakor va sozanda. O’z kompakt disklarini sotadi.
”Internet bor ekan, dunyoni zabt etdim deyavering. Musiqachi bo’lsangiz, albatta, bastalagan asarlaringiz xalqaro sahnaga chiqsin, deysiz. To’g’rimi?”.
Endi esa bastakor oldida jahon bozorida o’z nomini va asarlarini himoyalash vazifasi turibdi.