Sovet Ittifoqi qulagandan beri Yevrosiyo mintaqasi rang-barang siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o'zgarishlarga yuz tutdi. Estoniya va Litva kabi Boltiq davlatlari demokratik islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirib, Yevropa Ittifoqiga qo'shilgan bo'lsa, Markaziy Osiyo davlatlari kabi ko'plab sobiq sovet o'lkalarida hanuz eski tuzumdan qolgan boshqaruv uslubi hukmron. Bu davlatlarda bugungi vaziyat va kelajak qanday? Mintaqa bo'yicha taniqli ekspert Pol Goblning shu haqdagi fikrlari bilan tanishamiz.
Jons Xopkins universitetida o'tgan forumda Yevrosiyo mintaqasi bo'yicha ishlovchi rasmiylar va ekspertlar yig'ilib, shu sohaning taniqli eksperti Pol Goblning ilmiy hayoti va merosiga munosabat bildirishdi. Tadbirda Goblning o'zi ham qatnashib, mintaqaning yaqin tarixi, buguni va ertasi haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
Uning aytishicha, Sovet Ittifoqining qulashi uning tarkibidagi o'lkalarga kutilgan demokratiya va islohotlarni olib kelmadi. Estoniya, Litva va Latviya kabi Boltiq davlatlarini hisobga olmaganda, hududning deyarli barcha davlatlarida eski totatlitar va avtoritar tuzumlar saqlanib qoldi.
Rossiyaga alohida to'xtalib o'tgan Gobl bu mamlakatda yaxlit milliy davlatchilik tizimi yo'q ekaniga e'tibor qaratadi.
Rossiya Federatsiyasi bu Rossiya ham emas, federatsiya ham emas, deydi u. Ekspert fikricha, bu ulkan geografik davlat turli millat va farqli madaniyatlarni o'ziga jamlagan va ularni kuch bilan ushlab turgan tuzumdir.
Rossiyaning qo'shni hududlarga ko'z olaytirayotgani, bosqinchilik va imperialistik siyosatini qayta yo'lga qo'yayotgani haqida so'nggi paytlarda ko'p eshityapmiz, deydi Gobl. Aslida esa kelajakda bu davlat hududining kengayishini emas, torayishini ko'ramiz, deydi u.
"Boltiq davlatlari Sovet Ittifoqidan qanday ajrab chiqqan bo'lsa, Shimoliy Kavkaz respublikalari va Tatariston ham Rossiyadan shunday ajralib chiqadi", - deya taxmin qiladi mutaxassis.
Gobl mintaqani o'rganishda va mavjud ijtimoiy-siyosiy o'zgarishlarni baholashda malakali tadqiqotchilar yetishmayotganini aytadi. O'zlarini Yevrosiyo davlatlari bo'yicha ekspert deb hisoblovchilar, asosan, markaziy shaharlardagi inglizzabon ekspertlar fikrlaridan va ingliz tilida yozilgan materiallardan foydalanishadi, deydi u.
Haqiqatni o'rganish uchun, mintaqada nimalar bo'layotganini tushunish uchun mahalliy tillarni o'rganish, shu tillarda yozilgan materiallarni o'qish kerak, deydi Gobl.
Tadqiqotchilarning mintaqa bo'yicha bashoratlari ham, ilmiy tadqiqotlarda qo'llagan nazariyalari ham xato, deya hozirgi ilmiy jamoatchilikni keskin tanqid qiladi amerikalik keksa sovetshunos.
Sovet Ittifoqi qulasa, davlatlarda demokratiya va islohotlar boshlanib ketadi, deb o'ylashgan edi; bu esa xato bo'lib chiqdi, deydi u.
Avlodlar almashinuvi o'zgarishlarga olib keladi, deyishdi; bu ham o'zini oqlamadi, deydi Gobl. Unga ko'ra, avtoritar rejimlarda ulg'ayayotgan yosh avlod keksa avloddan ham yomonroq bo'lib chiqmoqda.
Mintaqa yuzlashib turgan eng katta muammo iqtisodiyotning zaifligi, deydi u.
"O'zbekiston aholisining juda katta qismi yoshlar. 18 yashar yigitlar bekorchi bo'lsa, ulardan nimani kutish mumkin?", - deya Gobl yoshlar orasidagi ishsizlik beqarorliklarga sabab bo'lishi mumkinligi haqida ogohlantiradi.
U, shuningdek, bunday jamiyatlarda ijtimoiy portlash yuz berishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmaydi.
"Mintaqaning nisbatan barqaror va demokratik davlati Qirg'iziston. Qizig'i shundaki, bu davlatda hukumat zo'ravonlik yo'li bilan o'zgargan. Regionda tinch yo'l bilan rejim o'zgarmaydi. Bir kun kelib mintaqaning boshqa davlatlarida ham to'polonlar boshlanib ketishi mumkin", - deydi Gobl.
Tajribali mutaxassis mintaqa o'lkalarida erkinlik va haqiqiy mustaqillikka ega bo'lish harakatlari davom etishini aytib, AQSh hukumatini va tadqiqotchilarini vaziyatni to'g'ri o'rganishga va shunga mos choralarni ko'rishga chaqirdi.