Investorlar AQSh dollariga muqobil, krizisdan pana joy izlar ekan, jahon bozorida oltin bahosi keskin oshib, uning 1 unsiyasi 1506 dollarga yetgan. Bu rekord ko’rsatkich. 1 unsiya - 28 gramdan oshadi.
Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi qo’z’golonlar, Yaponiyadagi tabiiy ofatning asorati bu. Dunyo notinch ekan, biznes ahli, sarmoyadorlar pishiq, mustahkam tovar qidirishga tushgan. Hozir oltin barchaning diqqat markazida. Ancha arzon kumushning ham bugun bozori chaqqon.
Yevropa Ittifoqi qarzga botgani va AQSh siyosatida ham gap ko’p. Qo’shma Shtatlarda partiyalar talashib-tortishib, yil-sayin o’sib borayotgan va 1,5 trillion dollarga yaqinlashgan qarzni kesish borasida bir to’xtamga kela olmayapti.
Amerika moliyaviy siyosatini qayta ko'rib chiqmoqda. Dollarga bo’lgan ishonch pasaygan.
Prezident Barak Obama xalqaro hamjamiyatni tinchlanishga chaqirmoqda.
“Ziddiyatlar, biz erishgan yutuqlardan ko’proq ovoza bo’ladi”, - deydi Obama. Demokrat va respublikachilar til topisha oladi, deydi u.
Demokrat va respublikachilar yaqin 10 yilda byudjet kamomadini 4 trillion dollarga qisqartirish zaruratini tan oladi. Lekin pulni qaysi dasturlardan kesish masalasi hali ham ochiq.
AQShda iqtisodiy xavotirlar prezident Obamaning reytingini pasaytirib yuborgan. Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, 50 foiz aholi uning ishidan norozi.