Prezidentlikka da’vogar respublikachi nomzodlarning 6-avgust oqshomida o’tgan birinchi teledebatida milliarder va ko’chmas mulk sohibi Donald Tramp barchaning diqqat markazida bo’ldi. Ommaviy so’rovlarda yetakchilik qilayotgan 10 asosiy nomzod 2016-yil noyabrda bo’ladigan saylov uchun tarafdor yig’ishda bor imkoniyatlarini ishga solishdi.
Ogayoning Klivlend shahrida o’tgan bahs olti oydan so’ng Ayova shtatida bo’ladigan birinchi bosqich saylovlari oldidan amerikaliklarga respublikachi nomzodlar bilan yaqinroq tanishish imkoniyatini berdi.
Agar partiyadan nomzodlikni yuta olmasangiz, mustaqil nomzod sifatida saylovda qatnashmaslikka va’da berasizmi, degan savolga Donald Tramp "yo’q" deb javob berdi.
U, shuningdek, ayollar sha’niga aytgan haqoratomuz so’zlari uchun ham kechirim so’ramasligini bildirdi. Trampning aytishicha, hozir mamlakatdagi eng katta muammolardan biri “siyosiy jihatdan to’g’ri bo’lish”ga urinishdir.
Bahs qilganlar orasida qator gubernatorlar, senatorlar va hech qachon biror idoraga saylanmagan oddiy fuqaro ham bor. 4500 odam yig’ilgan maydon nomzodlarni, jumladan, sobiq gubernator, arkanzaslik Mayk Hakabi, amaldagi gubernatorlar, Nyu-Jersidan Kris Kristi va Ogayodan Jon Kasich, senatorlar Rend Pol, Marko Rubio, Ted Kruz hamda neyroxirurg Ben Karsonni olqishlar bilan kutib oldi.
10 nomzod o’rtasida kechgan asosiy bahs oldidan so’rovlarda oxirgi o’rinlarni band etgan qolgan yetti nomzod o’zaro munozara qildi. Ular ham Donald Trampning konservativ qarashlarini keskin tanqid ostiga oldi.
Sobiq Texas gubernatori Rik Perri Trampning immigratsiyaga oid keskin fikrlarini bu sohada o’zi erishgan yutuqlar bilan qiyosladi.
“HP” kompaniyasining sobiq rahbari Karli Fiorina esa Trampning muhim masalalarda tez-tez fikrini o’zgartirib turishi uning qat’iyatsiz ekanidan dalolat qilishini ta’kidladi.
Perri va Fiorina safida sobiq gubernatorlar Jorj Pataki va Jim Gilmor, amaldagi gubernator, Luizianadan Bobbi Jindal va senator Lindsi Grehem amerikaliklarni sobiq davlat kotibi va birinchi xonim Xillari Klintonni qo’llab-quvvatlamaslikka chaqirdi.
“Yaxshiroq hayot istaydigan amerikaliklar, Xillari Klinton uchun ovoz bermang. Siz undan xohlagan narsangizni ololmaysiz”, - dedi Grehem.
Fikrlari eng ko’p bahslarga sabab bo’layotgan Donald Tramp debatgacha o’tkazilgan ommaviy so’rovlarda boshqa nomzodlardan ancha ilgarilab ketgan.
Demokratlar partiyasi ham 13-oktabr kuni Nevada shtatida oz nomzodlari o’rtasida bahs o’tkazishini ma’lum qildi. Partiya rasmiylarining bildirishicha, 1-fevralga belgilangan Ayova saylovlari oldidan beshta bahs o’tkaziladi.