Gretsiya prezidentni saylay olmadi

  • Amerika Ovozi

Grek qonunchilar yangi prezidentni saylashni uddalay olmadi. 29-dekabr, 2014-yil.

Gretsiya parlamenti bugun prezidentni saylashning uddasidan chiqa olmagach, mamlakatda kelasi oy erta parlament saylovlari belgilandi. Bu esa davlatni qamragan iqtisodiy tanazzul hali uzoq davom etadi degan xavotirlarni oshirgan.

Parlament uch bosqichga cho'zilgan prezident saylovlarida yagona nomzodni tanlay olmadi. Bugungi saylovlarda koalitsiya olg'a surgan tanho nomzod Stavros Dimas kerakli 180 ovoz jamg'ara olmagan. Natijada Gretsiyada parlament tarqatiladi va bir oy ichida saylovlar o'tadi.

Ijtimoiy so'rovlarga ko'ra, saylovlarda radikal so'l partiya - Siriza g'alaba qozonishi mumkin. Bu partiya Gretsiya Yevropa Ittifoqi va Xalqaro Valyuta Jamg'armasiga bergan iqtisodiy majburiyatlardan kechmoqchi.

Yevropa Gretsiyadan maosh, nafaqa, imtiyozlarni qisqartirib, soliqlarni oshirishni talab qilib, evaziga moliyaviy yordam uzatgan va bu davlatning qarzini yengillatgan edi.

Radikal partiya hukumat tepasiga kelsa, iqtisodiyotda endi-endi ko'zga tashlanayotgan barqarorlik alomatlari yo'qqa chiqishi mumkin.

Muxolif so'l partiya hukumat tepasiga kelsa, Gretsiyaning Yevropa Ittifoqiga bergan moliyaviy va'dalaridan voz kechishi mumkin.