Obama ma’muriyatining bildirishicha, Kubada AQShga qarashli Guantanamo harbiy qamoxonasidagi mahbuslardan olti nafari Urugvayga jo’natiladi. AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel o’tgan hafta Kongressga bu haqda ma’lum qildi.
Shulardan to’rt nafari suriyalik, biri falastinlik, yana biri tunislik. Ayni damda qamoqxonadagi 149 mahbusning 70 dan ko’pi Guantanamoni tark etishga hozirlik ko’ryapti.
Ulardan biri, suriyalik Jihod Ahmad Mustafo Diyob AQSh harbiylarini ochlik e’lon qilgan mahbuslarni kuch bilan ovqatlantirganlikda ayblab, sudga bergan.
May oyida Tolibonning besh sobiq qo’mondoni Guantanamodan Qatarga yuborilgan edi. Buning evaziga toliblar besh yil ularning qo’lida saqlangan amerikalik harbiyni ozod etdi.