Jorj Vashington universitetida O’zbekistonga bag’ishlangan anjumanda har xil davlatlardan vatandoshlar jam bo’lib siyosat, tirikchilik, iqtisod va Amerikadagi hayot haqida gaplashdi. Dadil savollar, dadil javoblar bo’ldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Yarim soatlik kundalik radio eshittirishni tugatib, bir kunlik anjumanning uchinchi qismiga yetib bordim. AQShdagi o’zbeklar hayoti haqida gurungga.
Amerikaliklar “crème of the crop” deydi, jamiyatning oldi yig’ilgan edi. Ular Qo’shma Shtatlarda hayotning past-balandi, yutuqlar, hammaning boshiga tushadigan mashaqqatlar va yechimlar haqida gapira ketdi. Ulardagi dadillik elektr tokidek auditoriyaga ham o’tayotganday edi. “Amerika Ovozi” jurnalisti Navbahor Imamova muhokamani olib borar ekan, ma’ruzachilarni birma-bir minbarga taklif qildi.
Dilorom Abdulloyeva advokat, Vashingtonda asoslangan "Tashabbus” nodavlat tashkilotining Prezidenti. Hamkasb yuristlar bilan fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirib keladi. Besh yil oldin oddiy blog shaklida boshlangan tashabbus bugun O’zbekistonda, masalan, butun boshli sinf o’quvchilarini paxtaga haydalishdan saqlab qola oldi. Yoki paxta dalasidan qaytayotib jarohat olgan ishchilarga pul undirib berdi. Yoki deylik, O’zbekistonda o’quvchi qizlarning maktabga hijobda qatnash huquqini himoya qilish bo’yicha katta ishlarni amalga oshirdi.
Dilshod Zokirov “Vatandosh” O’zbek-Amerika jamiyatining vakili. Nyu-York tevaragida yurtdoshlarning boshini qo’shish, AQShdagi hayotga ko’nikishi va oyoqqa turishida yordam beradi. O’zidan qiyos: grin karta bilan kelib, tirishib ingliz tilini shu yerda o’rgangan, oddiy jamoat kollejidan keyin hozir katta universitetda huquqdan ta’lim olmoqda.
Behzod Mamadiev ham O’zbekiston, ham Amerikadagi jamiyat hayotini yoritayotgan “Vatandosh” gazetasining bosh muharriri. Nashr g’oyasi bilan chiqqan Farhod Sulton bilan boshidan ishlagan, gazetani gazeta qilgan jurnalist.
“Moliyaviy sabablar bilan “Vatandosh” bugun faqat onlayn ishlayapti, bosmadan chiqmay qo’ydi. Bunaqa nashrlarga ehtiyoj nihoyatda katta. Ayniqsa, bugun o’zbekistonlik bir necha muhojir “Islomiy davlat” guruhiga aloqadorlik gumoni bilan ushlangan bir paytda. Jamiyatni yon-atrofda nimalar bo’layotgani haqida ogoh qilib turadigan, o’zbek tilida chiqadigan gazetalar juda kerak”, - deydi Behzod Mamadiyev.
Olimjon Sharipov va Akmal Jumaboyev Chikagodagi yurtdoshlar tuzgan O’zbek-Amerika uyushmasidan. Dilkash insonlar, ingliz tilida yaxshigina suxandon.
Ular o’zbek madaniyatini, tilini saqlab qolish, jamiyatni bilimli qilish va ayni paytda ingliz tilini puxta egallashning ahamiyati haqida gapirdi. Ularning muhim maslahatlaridan biri shu bo’ldiki, yoshlar ham, kattalar ham islom haqida boxabar bo’lsin, toki yanglish da’vatlarga uchmasin.
Qatnashchilar bugungi marralarga yetish uchun qattiq mehnat qilgan insonlar.
“Men sotsialist, kommunist tuzumda tug’ilganman. Qurilish kompaniyasining direktori edim. Amerikaga kelib esa, ishni oddiy xonadonda supurib, tozalashdan boshladim. Tilni bilmas edim. O’zbek-Amerika uyushmasini boshlashimizdan maqsad ham yurtdoshlarning tezda til o’rganishini, tezda oyoqqa turib ketishini ta’minlashdir”, - deydi Olimjon Sharipov.
Akmal Jumaboyev Qo’shma Shtatlarga birinchi kelgan damlarini ko’zi ochilmagan mushuk bolasiga qiyoslaydi.
“2000-yillar boshi. Internet qimmat, email, Facebook, Whatsapp, chatlarni bilmas edik. Ma’lumot topish juda qiyin edi. Bundan tashqari, vatandoshlar ingliz tilini yaxshi bilmaydi. O’z madaniyatini unutmagan holda, o’zbeklarning AQShga singib ketishi juda muhim deb hisoblayman”, - deydi Akmal Jumaboyev.
Dilorom Abdulloyeva maktab yillari Amerikada o’qib ketgan, keyin taqdir uni yana Qo’shma Shtatlarga olib keldi. Bu davlatda hayot boshlar ekansiz, tajribali murabbiydan kasb borasida maslahat, Amerikaning chig’iriqlarini bilgan tengdoshdan tavsiyaning o’rni beqiyos, deydi u. Bugungi jamiyatlar, avvalo, mana shu vazifani bajarishi zarur.
Dilshod Zokirov muhojir Amerikaga endi kelganida oddiy muloqotga tashna bo’ladi, deydi.
“O’zim ham shunday edim. Uydagiday yaqinlar, qo’ni-qo’shni yonimda emas, kimgadir dardimni to’kib solgim keladi. Vatanda-ku har hafta do’stlar bilan ko’rishib turasiz. Amerikada oldingda maslahatchi odaming bo’lsa va hayotiy ko’nikmalarni aytib tursa. Masalan, onlayn xizmatlarni bilmasdim, hujjatlarni qayerga topshirishdan xabarim yo’q edi”, - deydi Dilshod Zokirov.
Muhokamani kuzatar ekansiz, Vashington va Nyu-Yorkdagi o’zbeklar huquqiy savodxonlik, faol fuqarolik pozitsiyasi haqida gapirishga xayrixohday. Chikago uyushmasi vakillari asosiy e’tiborni madaniyat, til, ta’limga berish bilan cheklanadi. Shu bilan birga, “Vatandosh” gazetasini ta’sis etgan mualliflar avval boshdan kelishib olgan - nozik siyosiy mavzularga tegilmaydi. Jamiyatlar ham bu mavzularni aylanib o’tadi. Shu bois siyosiy boshpana olib kelgan vatandoshlar, muxolifatchilar ayri, bu uyushmalar ayri. Navbahor Imamova nazarida asosiy sabab shuki, muhojirlar vatanga bemalol borib-kelish imkonini boy berishni istamaydi. Shu sabab ular O’zbekiston elchixonasi va konsulligi bilan yaqindan ishlaydi. Deylik, elchixona darsliklar, boshqa o’quv qurollari bilan ta’minlaydi. Xo’sh, bundan tashqari, Amerikadagi vatandoshlarga O’zbekiston hukumatidan qanday yordam zarur?
“O’zbekiston konsulligi va elchixonasi bilan, masalan, madaniy tadbirlar, bayramlar o’tkazishda birga ishlaymiz. Bu rost. Ammo Vashingtondagi elchixona va Nyu-Yorkdagi konsullik fuqarolarga xizmat ko’rsatishda islohotlar qilishi kerak. O’zbekistonda rasmiy idoralardan hafsalasi pir bo’lgan fuqarolar Amerikada ham o’sha tajribasiga asoslanib to’g’ri elchixonaga murojaat qilish o’rniga tanishlardan iltimos qilib yuradi. Bunday yondashuv o’zgarishi, elchixona va konsullik fuqarolar bilan muomalaga ochiq ekanini ko’rsatishi kerak”, - deydi Dilshod Zokirov.
Muhojirlar tuzgan bu jamiyatlar ishini davom ettirib rivojlanishi uchun moliya, vatandoshlarning moliyaviy yordami zarur. Yurtdoshlardan 10-20 dollarlik a’zolik badalini undirish uchun ancha mehnat va da’vat zarur, deydi Dilshod Zokirov. Lekin besh yil oldingiga taqqoslaganda, jamoada taraqqiyot loyihalari uchun moliya ajratish yoki ko’ngilli yordam berish an’anasi shakllanib borayapti.
Xullas, jamoalar o’sayapti, ma’nan, shaklan. Bu bilan vatandagi vaziyatga ham ta’sir qilish salohiyatini charxlayapti. Dilorom Abdulloevaning aytishicha, u kabi vatandoshlar Amerikada turib O’zbekistonda salmoqli ijobiy o’zgarishlar qilishga qodir.
Misol, “Tashabbus” tashkiloti onlayn ishlagan holda O’zbekistonda fuqarolarni o’z huquqlaridan boxabar bo’lishga da’vat etayapti. Odamlarning huquqiy savodxonligini oshirayapti, sudga qanday murojaat qilish, haqqini talab qilishni o’rgatayapti. Konstitutsiya va barcha qonunlarda huquqlar batafsil bayon qilingan, ulardan xabardor bo’lib, foydalanishni biling, deya undaydi huquqshunos.
Olimjon Sharipovning aytishicha, Chikago atrofida chamasi ming nafar o’zbekistonlik bor. Yoshlar ilm qilib bakalavr darajasini olayapti, ishga o’rnashib, vatandagi oilalarini qo’llab-quvvatlayapti.
Dilorom Abdulloeva nazarida bu yoshlarni yuristlik-advokatlikka o’qitish, buning uchun jamiyatlar moliya ajratishi ma’qul fikr. Toki ona tilini bilgan yigit-qizlar universitetlarda huquqdan bilimini charxlab, yana tug’ilib o’sgan jamoasiga qaytib, itjimoiy muammolarni ko’tara olsin, vatandoshlari himoyasiga tursin.