Semizlik kambag'al bolalar orasida ham keng tarqalgan

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Semizlik - Amerikada katta muammo/ Obesity in America

Semizlik dunyoning har bir mamlakatida bor muammo, jumladan boy jamiyatlarda bu kasallik bolalar orasida keng tarqalgan. Ammo so’nggi tadqiqotlar natijasiga ko’ra, semizlikdan kambag’al oilalar ko’proq aziyat chekar ekan. Xo’sh, yosh avlod sog’lom bo’lishi uchun nima qilish kerak?

Your browser doesn’t support HTML5

Izlanishga ko'ra, kambag'allik va semizlik bir-birga bog'liq/Shohruh Hamro


So’nggi 30 yilda AQShda semiz bolalar soni ikki baravar ko’payganini qayd etadi Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish davlat markazi. Muammo ko’lami ayniqsa kambag’al hududlarda keng. Rays universitetida o’tkazilgan tadqiqot natijasida kambag’allik va semizlik bir-biri bilan bog’liq ekani aniqlangan.

“Kambag’al mahallalarda vazni me’yordan oshiq bo’lgan bolalar boy mahallalarga qaraganda ko’proq”, - deydi tadqiqot rahbari Reychel Tolbert Kimbo.

Yana bir izlanishda aniqlanishicha, bola tanovul qiladigan ovqat foydali bo’lmasa, u semirishga moyil bo’ladi. Bunday qiz va o’g’il bolalarda nimjonlik kuzatiladi, ular aqliy rivojlanishda oqsaydi.

BMTning UNICEF Bolalar jamg’armasi va boshqa tashkilotlar to’yimli ovqatdan mahrum bo’lgan 165 million bola qornini to’ydirish uchun mablag’ yig’ishga harakat qilmoqda.

Oziq-ovqat mo’l bo’lgan joylarda semizlikning oldini olishga qaratilgan dasturlar ham bor.

Masalan, AQShning Virjiniya shtatida Sog’lom yoshlar jamg’armasi bolalar orasida semizlik hollarini kamaytirish uchun maktablarda darsdan keyin bir soatlik jismoniy tarbiya mashg’ulotlari o’tkazadi.

Jamg’arma xodimi Richard Foster deydiki, dasturdan maqsad bolalarni sog’lom hayotga o’rgatish:

“Bolalar uchun jismoniy mashqlar, harakat-g’ayrat qilish juda muhim. Sifatli ovqat yesin, salomatligi haqida o’ylasin, uzoq umr ko’rish uchun nima qilish kerakligini bilsin”, - deydi faol.

Badan tarbiyani odat qilgan bolalar maktabda yaxshiroq o’qiydi. AQSh Tibbiyot milliy instituti hisobotida qayd etilishicha, jismoniy harakat va mashq o’quvchilar orasida nafaqat semizlikning oldini oladi, balki matematika va o’qishni yaxshiroq o’zlashtirishga ham yordam beradi.