Qurolga egalik emas, zo'ravonlik muammo, deydi ayrimlar

  • Amerika Ovozi
O’tgan yillar ichida Amerika oliygohlari, kinoteatrlari va hatto boshlang’ich maktabda ro’y bergan otishmalar jiddiy bir muammoni fosh etdi: harbiy turdagi qurollar ruhan kasal, xavfli odamlar qo’liga tushmoqda. Qurol sanoatining kuchli qarshiligiga qaramasdan, prezident Barak Obama nazoratni oshirishga qaratilgan 20 dan ziyod takliflar bilan chiqdi. Tibbiyotchilar zo’ravonlik muammosini sog’liqni saqlash sohasiga taalluqli masala deb biladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qurollar va salomatlik/Shohruh Hamro


Sendi Xuk boshlang’ich maktabidagi otishmadan keyin qurollar ustidan nazoratni kuchaytirish tarafdorlari ko’paydi. Lekin bu tashabbusga qarshilar ham kam emas.

Hukumat taqiq qo’yar ekan, degan mish-mishlar qurol ishqibozlarini xavotirga solib qo’ydi. Ular o’q-dori g’amlash bilan ovora.

Obama ma’muriyati qurol savdosiga oid qonunlarni o’zgartirish payida. Takliflar qabul qilinsa, miltiq sotib olish hozirgidek oson bo’lmaydi. Katta hajmdagi magazinlar, shuningdek, avtomat va yarim avtomat qurollar taqiqlanishi mumkin.

Sog’liqni saqlash sohasi mutaxassislari islohotni qo’llab-quvvatlaydi. Lekin ular nazarida muammo negizi qurolga egalik emas. Garvard Universitetidan doktor Dariush Muzaffariyon:

"Qurolga egalik emas, zo’ravonlik – muammo".

Shafqatsizlikni targ’ib etuvchi qonli video o’yinlarni bolalar kunda o’ynaydi. Jangari badiiy filmlar va televizion dasturlarning albatta yoshlarga ta’siri bor, deydi olim.

“AQShda shunday bir madaniyat shakllanganki, odamlar quroliga ta’zim qiladi, usiz yashay olmaydi. Bu jiddiy muammo”.

1995-yilda amerikaliklar qo’lida 200 million o’qotar qurol bo’lsa, bugun bu raqam qariyb 300 millionga yetdi. O’tgan yili mamlakatda 11 mingdan ziyod odam otishmalarda halok bo’lgan. Yana 19 ming kishi o’zini otib o’ldirgan.

Doktor Dariush Muzaffariyon deydiki, hukumat tamaki chekish va yo’l halokatlariga qarshi qanday kurash olib borgan bo’lsa, qurol va zo’ravonlikka qarshi ham shunday kurashish kerak.

Masalan, bugun ko’p joylarda chekish man etilgan. Mashinada xavfsizlik kamarini taqish majburiy.

“Faqat qurol sohibi ocha oladigan qulflar o’rnatilishi kerak. Qurolni maxsus joyda saqlash haqida yangi qonunlar qabul qilsa bo’ladi – xuddi yosh bolalarning avtomobilda maxsus o’rindiqda o’tirishini talab qilgandek. Bolalar qo’liga tegmasligi uchun qurollar seyflarda saqlansin”.

Ruhshunos olim Ron Mandershayd nazarida yangi qonunlar bilan ish bitmaydi.

“Bu muammoni aholi salomatligi uchun tahdid deb qabul qilsak, demak Kasalliklarni nazorat qilish markazini vazifalantirsa bo’ladi. Qurol-yarog’ning jamiyatga ta’siri o’rganilsin. Muammoning haqiqiy ko’lamini tushunib olaylik”.

Biroq Kongress agentlikka bu loyiha uchun ajratilgan mablag’ni kesgan. Qatliomlar ortidagi sabablarni aniqlamoqchi bo’lsak, tadqiqot uchun resurslar ajratilishi kerak, deydi mutaxassislar.