Amerika askarining Afg’onistonda 17 odamni o’ldirishi e’tiborni jang maydonida yurgan harbiylarning ruhiy salomatligiga qaratdi. Yaqinda Iroq va Afg’oniston urushi faxriylari orasida o’tkazilgan tadqiqot natijasida shu ma’lum bo’ldiki, ular ko’proq narkotik preparatlarga bog’lanib qolgan.
Afg’onistondagi urush AQSh tarixidagi eng uzun mojaro. U yerda xizmat qilgan askarlarning ko’pchiligi Iroq urushida ham qatnashgan. Shifokorlarning aytishicha, ularning kamida uchdan bir qismi ruhan nosog’lom.
Doktor Maykl Yoxelson jang maydonidan qaytganlarning ruhiy salomatligini tekshirgan mutaxassislardan biri. Ahvol chatoq, deydi u, ko’plab harbiylar depressiyada.
“Ruhan kasal ekani aniqlandimi, darhol chora ko’rish kerak. Zarur muolajadan o’tishi shart”, - deydi shifokor.
Doktor Karen Sil - tadqiqotchilardan biri.
“Ruhan ezilgan, ayniqsa travma oqibatida stressni boshdan kechirgan faxriylar bunday qiyinchiliklarga duch kelmagan harbiylarga qaraganda ikki barobar ko’proq hollarda opiat qabul qiladi”.
Stressni boshdan kechirgan faxriylar orasida narkotik moddalarga tobelik boshqalarga qaraganda 2,5 barobar ko’proq uchraydi. Ular haddan tashqari ko’p dori ichadi.
"Bu bemorlarga opiat preparatlarning kattaroq dozasi beriladi. Va ular tez-tez yangi retsept talab qiladi va dorixonaga boradi, demak, dorilarni vaqtidan tezroq ichib tugatadi,” - deydi doktor Sil.
Narkotik dorilar ichayotganlar orasida alkogolizm, joniga qasd qilish va dori suiiste’moli singari hollar keng tarqalgan. Doktor Sil ularni muqobil yo’llar bilan, ya’ni fizioterapiya, ruhshunos yordami va akupunktura orqali davolashni tavsiya qiladi.
Stressni davolash oson emas, turli muolajalar haqida gap ketmoqda, deya hamkasbiga jo'r bo'ladi doktor Yoxelson.
“Agar ular 1-1,5 yil yoki undan ham uzoqroq vaqt davomida urush maydonlarida jang qilgan va shu paytgacha hech qanday ruhiy yordam olmagan bo’lsa, bu odamlarni davolash uzoqqa cho’zilishi mumkin. Ayrim hollarda butun umr”.