HRW: Karimov Riga orqali Yevropaga yaqinlashmoqchi

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston va Latviya rahbarlari

2011-yildan beri Yevropa Ittifoqiga qadam bosmagan Islom Karimov blokning yosh a'zosi Latviya tomonidan shohona kutib olinganii (fotolar) Toshkent uchun katta yutuq, deya bildiradi inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkilotining Berlindagi vakili Xyu Vilyamson (Hugh Williamson).

O'zbekiston rahbari ikki yil oldin Bryusselda norozilik namoyishlari bilan qarshilangan edi. Yevropaning turli mamlakatlarida yashayotgan muxolifatchilar, respublikadan siyosiy bosim ostida chiqib ketgan faollar o'shanda nafaqat ittifoqni balki NATO, Shimoliy Atlantika harbiy alyansini ham "diktator bilan apoq-chapoq" bo'layotganlikda qoralagan edi.

O'shanda Bryusseldagi muzokaralarda xavfsizlik va iqtisoddan tashqari huquq va demokratiya xususida ham gaplashilgan, ammo Rigada bunday bo'lmadi.

Prezident Andris Berzinsh Toshkentdan kelgan hamkorini quchoq ochib kutib oldi va asosan har ikki tuzum uchun ma'qul masalalar haqida so'zlashdi.

O'zini demokratik va erkin jamiyat deb tanishtiradigan Latviya O'zbekistonda huquq qanchalik qo'pol buzilishi, muxolifat va fuqaro jamiyati naqadar siquvdaligi va majburiy mehnat hamon amalda ekani bilan umuman qiziqmayotgandek, deya talqin qiladi norozi faollar.

Latviya rahbari huquq va erkinlik xususida og'iz ochmay O'zbekiston bilan iqtisod va xavfsizlik bobida hamkorlikdan minnatdor ekanini aytish bilan cheklangani salbiy hol, deydi Xyu Vilyamson.

Latviya rahbari Berzinsh O'zbekiston prezidenti bilan suhbatda o'ziga xos va'dalar bergan: Riga 2015-yilning birinchi yarmida Yevropa Ittifoqi boshqaruvini qo'lga olgan paytda blokning Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyasini qayta ko'rib chiqiladi.

Amaldagi strategiyada inson huquqlari va demokratiya targ'iboti asosiy maqsadlardan biri deb belgilangan. Berzinsh o'z bayonotlarida bu borada umuman gapirmadi, lekin ittifoq rasmiylari mikrofon oldida va parda ortida shuni ta'kidlaydiki, huquq bilan bog'liq ahvol yaxshilanmasa, O'zbekiston bilan hamkorlik blok uchun jiddiy muammo va boshog'riq bo'lib qolaveradi.

Aytish joiz, Latviya O'zbekiston paxtasining Yevropadagi yirik xaridori. Yillik savdo aylanmasi 240 million dollardan oshadi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonda Latviyaning 22 qo'shma va alohida firmalari bor. Latviyada esa O'zbekiston bilan birga 44 kompaniya ishlaydi.

Masala yuzasidan izlangan ayrim ekspertlar deydiki, Latviya bugun ittifoqda moliyaviy firibgarlik avj olgan maskanlardan biri. Qirg'izistonda Kurmanbek Bakiyev prezidentligi davrida G'arbga Latviya orqali millionlab mablag' noqonuniy ravishda olib chiqib ketilgan. AsiaUniversal, Qirg'izistondagi yirik bank, Rigadagi idorasi yordamida Bakiyev oilasiga xizmat qilgan, deyiladi "Global Witness" korrupsiyaga qarshi kurashuvchi tashkilot 2012-yilda chiqargan hisobotda.

O'zbekiston-Latviya muzokaralari, rasmiy video: