O'zbekistonda shu kunlarda yana bir siyosiy mahbus ozod etildi

Prezident Mirziyoyev diniy yetakchilar bilan, 2018

BMT Inson huquqlari kengashi a’zoligiga intilayotgan O’zbekiston siyosiy mahbuslarni ozod qilishda davom etmoqda. Yaqinda 8 yillik qamoqdan so’ng huquq himoyachisi G’aybulla Jalilov ozodlikka chiqdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Siyosiy mahbuslarning hammasi ozodlikka chiqadimi?

Jalilov mart oyida ozodlikka chiqarilgan uchinchi siyosiy mahbus bo’ldi, ammo bu davomiylik siyosiy tutqunlik tajribasi to’xtaganidan darakmi? Qamoqxonalardagi siyosiy mahbuslar soni ozod etilganlaridan bir necha barobar ko’p.

O’zbekiston inson huquqlari jamiyati faoli G’aybulla Jalilov Islom Karimov rahbarligi davrida hukm qilingan edi.

Uning ozod etilishini olqishlayotgan AQSh elchixonasi bayonotida Jalilov BMTning Hibsga olish va ushlab turish guruhi tomonidan ham talab qilingani qayd etiladi.

Avvalroq jurnalist Yusuf Ro’zimurodov va muxolifatchi Isroiljon Xoldorovlar ozod qilingan edi. Shuningdek, jurnalistlar Muhammad Bekjon, Solijon Abdurahmon, Dilmurod Sayyid va boshqalar.

O'zbekiston hukumati ularga qo’yilgan ayblovlar yuzasidan hozirgacha biror izoh bermagan. Ular amnistiya bo’yicha yoki shartli ravishda ozod etilmoqda, oqlanganlar yo’q.

G'aybullo Jalilov 2009-yildan beri qamoqda edi

O’tgan yili ozodlikka chiqqan “Mazlum” inson huquqlari tashkiloti rahbari A’zam Turg’unov qamoqdan so’ng faoliyatini davom ettirayotgan kam sonli faollardan. Yaqinda u Mirziyoyevga ochiq murojaat bilan chiqdi.

“Men bu masalani qamoqdaligimda ham ko’tardim, ozodlikka chiqqach prezidentga murojaat qildim. Ombudsmen qabulida bo’lib, amnistiya bo’yicha komissiya tarkibiga huquq himoyachilari, nodavlat tashkilotlardan vakillar kiritilishini so’radim. Chunki amnistiya bo’yicha chiqayotganlarni aksariyati rostdan jinoyatchilar, siyosiy mahbuslardan juda kamchilikka qo’llangan. Albatta, siyosiy mahbuslar aybsiz o’tirishibdi, ular shartsiz ozod qilinishi kerak, ularga amnistiya qo’llashni o’zi mantiqsizlik. Shuning uchun siyosiylarning aniq bir ro’yxati tuzilishi, shunga muvofiq ozod etilishi kerak. Afsuski, hozirgi hokimiyat davrida ham yangi siyosiy mahbuslar paydo bo’lyapti. Mana, Bobomurod Abdullayevning ishi, undan tashqari men o’zim biladigan qancha siyosiy mahbuslar hamon qamoqda”, - deydi A’zam Turg’unov.

Mirziyoyev davrida inson huquqlariga nisbatan munosabat o’zgardi, prezident BMT Bosh assambleyasida qilgan chiqishining katta qismini shu mavzuga bag’ishladi, mamlakatda erkinliklar kafolatlanishi haqida gapirdi.

BMTning inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari, BMT maxsus ma’ruzachisi O'zbekistonga safar qildi. Human Rigts Watch vakillarining ham mamlakatga kirishiga ruxsat berildi.

O’zbekiston BMTning inson huquqlari bo’yicha Kengashiga a’zo bo’lish harakatini boshlagan. Yevropa Ittifoqi Toshkentning bu qarorini qo’llab-quvvatlashini bildirgan.

A’zam Turg’unovning qamoqdan chiqarilishi ham BMT Oliy komissarining O’zbekistonga safari arafasida amalga oshgan edi. Turg’unovga ko’ra, siyosiy mahbuslarni ozod etish shartsiz ravishda amalga oshishi zarur, siyosiy, diniy sabablar bois qamoqqa olingan mahbuslarning ro’yxati tuzilishi kerak.

“Prezidentning harakatlari samimiydek, u siyosiy mahbuslarni birdaniga afv etishdan cho’chimoqda, deb o’ylamayman. Men uning bevosita qabuliga kirishga bir necha bor urinib ko’rdim, lekin buni iloji bo’lmadi. Bu yerda yana bir narsa bor, avvalgi rejimdan qolgan odamlar hamon boshqaruvda, rejim ularning qoniga singib ketgan. Prezidentning o’zi hammasiga ulgurmaydi. Kimni chiqarding, kimni chiqarmading, deb tekshira olmaydi. Menga o’xshagan odamlarning murojaati ham yetib borishiga unchalik ishonmayman. Shuning uchun ham bu narsa juda qiyin kechyapti. Mana, Bobomurodni sudida aytilgan gaplarni eshitib dahshatga tushdim, oddiy bir polkovnik, To’raqulov degani, prezidenting kim, davlatni biz ushlab turibmiz debdi. Yoki qamoqda o’zim eshitgan gap, men prezident bunday deyapti, konstitutsiya haqida gapiryapti desam, menga ha endi reklama uchun aytaveradi, deb javob berishyapti”, - deydi huquq himoyachisi.

O’zbekistonda diniy sabablar bilan qamalgan minglab mahbuslar ham bor. Mirziyoyev ular orasida adolatsiz qamalganlar ko’pligini tan olgan.