AQSh-Xitoyning yuan bo'yicha munozarasi global hamkorlikka zarar qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Dominik Stros-Kan va Robert Zellik

Vashingtonda Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg'armasining qo'shma majlisi o'tmoqda. Muassasa rahbarlari AQSh va Xitoyni murosaga chaqirmoqda.

Bugun Vashingtonda Jahon Banki va Xalqaro valyuta jamg'armasining yillik qo'shma majlisi boshlanmoqda. Ikki yirik muassasa rahbarlari AQSh va Xitoy o'rtasida yuan qiymati bo'yicha munozaralar nozik iqtisodiy vaziyatga tahdid solayotgani haqida ogohlantirmoqda. Ular nazarida global moliyaviy tanazzulga qarshi xalqaro hamkorlik bu munozara tufayli chipakka chiqmoqda.

Xalqaro valyuta jamg'armasi boshqaruvchisi Dominik Stros-Kanning aytishicha, bu real tahdid.

"Hech bir mamlakat global inqirozdan xalqaro hamkorliksiz o'ta olmaydi va buni unutmaslik kerak", - deydi u.

Qo'shma Shtatlar Xitoyni milliy valyutasi - yuan qiymatini ataylab past ushlab, mollarini sun'iy ravishda arzon va xaridorgir qilayotganlikda ayblamoqda. Bunday siyosat AQSh savdo kamomadining oshishiga sabab bo'lmoqda.

AQSh Moliya vaziri Timoti Geytnerning aytishicha, boshqa davlatlar ham Xitoyga qarab ayni siyosat yuritishi mumkin.

"Rasmiy Pekin xavfli tendensiyaga yo'l ochib bermoqda", - deydi Amerika rasmiysi.

Jahon banki prezidenti Robert Zellik tomonlarni murosaga chaqirmoqda.

"Inqiroz oqibatlari jahon bo'ylab hali ham sezilmoqda. Odamlar ishidan ayrilib, turmushi o'nglanmagan. Hozir shunday paytki, hech bir davlat hamkorlikdan yuz o'girmasligi kerak", - deydi Zellik.

Xitoy siyosati, deydi Jahon banki rahbari, sarmoyador ishonchini yemirmoqda.

"Global iqtisodiyot asta-sekin oyoqqa turyapti. Bu ijobiy hol. Ammo tiklanish sur'ati shu qadar sustki, ishsizlikka barham bera olmayapti. Ishsizlik oshsa, ziddiyatlar ehtimoli kuchayadi", - deydi Robert Zellik.

Xalqaro valyuta jamg'armasi xulosasiga ko'ra, moliyaviy krizis Osiyoning ba'zi rivojlanayotgan davlatlarida poyoniga yetgan, biroq G'arb davlatlari hamon u bilan olishmoqda.