Amerikada qizlar futboli oq tanlilar va shaharliklar sporti sifatida shakllangan. O’yinchilar mahoratini oshirish uchun ko’p pul to’lab klublarga qatnaydi. Minnesota shtati markazi Sent-Pol shahridagi notijoriy bir tashkilot jamoa tarkibini xilma-xillashtirish maqsadida muhojir, qochqin va kam ta’minlangan oilalardan chiqqan qizlarning futbol bilan shug’ullanishiga sharoit yaratgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Futbolchilarni har kuni uyidan, kvartirasidan yoki kam ta’minlangan oilalarga mo’ljallangan xonadonidan mashina mashg’ulotga tashiydi. Kayl Jonson ham trener, ham haydovchi.
“Transport jamoadagi qizlar uchun katta muammo. Ko’plaridan mashina yo’q. Qizlar futbol o’ynashi uchun ularni uydan olib ketishim kerak, aks holda hech biri futbol o’ynolmaydi”, - deydi Kayl Jonson.
O’rta maktab futbol jamoasiga murabbiylik qilgan Jonson bir kun sportchilar uchun berilgan ziyofatga borib, komandalardagi tengsizlikka ko’zi tushadi.
“Qizlar jamoasida irqiy xilma-xillik yoq’ligini ko’rdim. Jamiyatimizdagi boshqa elatlar vakillarining jamoaga kirmagani meni hayron qoldirdi”, - deydi yangi jamoa tuzishga kirishgan mutaxassis.
Ikki yil oldin Kayl Jonson “Qizlar” notijoriy tashkilotiga asos solib, muhojir va qochqin oilalar qizlari uchun futbol va futzal dasturlarini ishlab chiqdi.
“Amerikada fulbol, asosan, klub tizimi doirasida rivojlanadi. Bunga esa mablag’ kerak. Atrofimizda qanchadan qancha iste’dodli qizlar bor”, - deydi Kayl Jonson.
Futzal futbolning sport zallarida, ichkarida o’ynaladigan shakli.
“Futzal tez o’yin. O’yinchilar texnik mahoratga va tez fikrlash qobiliyatiga ega bo’lishi kerak. Mag’lubiyatdan ham ko’p narsalarni o’rgansa bo’ladi”, - deydi Kayl Jonson.
Xeyblut Po Tailanddagi myanmalik qochqinlar lagerida tug’ilgan.
“Qizlar” jamoamizda futbol mahoratlarimizni charxlaymiz. Ko’plarimiz qochqinlar lagerlaridan chiqqanmiz, o’tmishimiz o’xshash. Bu esa do’stlashishga, murabbiyimiz bilan yaqinroq bo’lishga yordam beradi”, - deydi u.
O’tgan yili Kayl Jonson kollej futbol murabbiylari uchun ko’rik uyushtirdi. Tadbirda ular turli jamoalar o’yinlarini tomosha qilib, o’zlariga futbolchilarni tanlashi mumkin.
“Atigi ikkita kollej treneri qatnashgan bo’lsa-da, tadbir yaxshi o’tdi. Ular uchta qizni tanlashdi. Bu qizlar endi grant asosida oliy ta’lim olish imkoniga ega bo’ldi”, - deydi Kayl Jonson.
Kayl Jonson Vyetnamda tug’ilgan. Urush tugashi bilan olti haftalik go’dakligida uni asrab olishgan.
“Mehrli oilaga tushib qolganim omadim bo’lsa kerak. Shu tashkilotni ochishimda ham, umuman qilgan ishlarimda ularning hissasi bor”, - deydi u.
“Qizlar” tashkiloti faqat koptok tepishni targ’ib qilmaydi.
“Futbol yordamida mehnatsevarlik, tirishqoqlik, orzuga erishishni o’rganishadi”, - deydi Kayl Jonson.