Breaking News

Paraplan uchayotgan birinchi afg'on ayoli


2001-yil Tolibon rejimi ag'darilgandan buyon Afg’onistonning o'ta konservativ va erkaklar hukmron jamiyatida ayollar ahvoli ancha yaxshilandi. Ayrim xotin-qizlarning sport bilan faol shug’ullayotgani ularning yutuqlardan biri. “Amerika Ovozi” muxbiri Afg’onistonda bo’lib, parashyut uchishni mashq qilayotgan ilk paraplanchi ayol bilan uchrashdi.

Lida Hazoriy paraplan sporti bilan shug'ullanayotgan Afg’onistondagi birinchi ayol. Ilk bor 2012-yilda 300 metr balandlikdagi tog’ cho’qqisidan sakragan.

“Muammo ko’p. Lekin paraplanchilar federatsiyasini tashkil qilishga erishdik. O’zim olti yildan beri parashyutda uchishni mashq qilaman. Umidlarimiz amalga oshyapti”, - deydi u.

Yaxshi uchish bir nechta omilga: yog’ingarchilik, shamol yo’nalishi, bulutlarning shakli, havo harorati va albatta yer maydoniga bog’liq.

“Uchishdan, mashqlardan o’zim ham rohatlanaman. Birinchi bor parashyutdan sakraganim esimda. Juda yoqqan. Haligacha ishtiyoq bilan uchaman”, - deydi Lida Hazoriy.

Lida Hazoriy Tolibon iskanjasidan chiqish ayollarga ko’p imkoniyatlar berganini aytadi.

“Afg’on ayollarining sport bilan shug’ullanishi kuchaygan. Paraplan esa juda yaxshi sport. Yosh qizlarga gapim shuki, qiziqsangiz federatsiyamizga keling, a’zo bo’ling, biz bilan uching”, - deydi u.

Afg’oniston paraplanchilar jamoasining 120 dan ortiq a’zosi bor. Ulardan 20 nafari ayollar. Navid Popal bu sport turining peshqadamlaridan biri.

“Haftada 2-3, ba’zan 4-5 marta shug’ullanamiz. Agar boshqa viloyatlarga borsak, o’sha joyda ham mashq qilaveramiz. Moliyaviy va boshqa to’siqlar bo’lgani uchun Kobulda har kuni shug’ullanish qiyin”, - deydi u.

Paraplanda sakrashni o’rganish uchun kuchli iroda kerak. Navid Popalning Lida Hazoriy kabi shogirdlaridan umidi katta. Ularni jahon musobaqalarida ko’rishni istaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG