Immigratsiya islohoti bo'yicha respublikachilar yakdil emas

  • Amerika Ovozi

"Onamni haydamang" yozuvli kiyim kiyib olgan yosh qiz muhojirlar huquqlarini himoya qilishga bag'ishlangan namoyishda qatnashmoqda.

Immigratsiya islohoti tarafdorlari 11 milliondan ziyod noqonuniy muhojirga fuqarolik sari yo’l ochadigan yangi qonunning qabul qilinishi uchun bu oy Kongressga yana bir bor bosim o’tkazmoqchi. Loyiha allaqachon Senat tasdig’idan o’tgan, ammo respublikachilar nazoratidagi quyi palata unga qarshi chiqmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Immigratsiya islohoti va respublikachilar, Behzod Muhammadiy


Bu oy Kongress a’zolari saylovchilar bilan uchrashishi kutilar ekan, muhojirlar huquqlari himoyachilari ularga yana bir bor o’z so’zini o’tkazmoqchi. Chunki immigratsiya islohotiga oid qonunning respublikachilar yetakchi bo’lgan Vakillar palatasida tasdiqlanishi qiyin bo’lyapti.

Respublikachilar Senat tasdiqlagan qonunni shundayligicha qabul qilmoqchi emas. Aksincha, biz islohotni bosqichma-bosqich, bir necha qonunlar orqali amalga oshiramiz, deydi ular.

Konservativ guruhlar noqonuniy muhojirlarga fuqarolik sari yo’l ochilishini qabul qilib bo’lmaydi, deya ta’kidlamoqda. Ularga ko’ra, bu mamlakat qonunlarini buzgan shaxslarga amnistiya e’lon qilish bilan barobar.

Ayova shtatidan respublikachi Stiv King ashaddiy tanqidchilardan. Millionlab muhojirlarga qonuniy maqom berish orqali demokratlar o’z tarafdorlari saflarini kengaytirmoqchi, deydi u.

King yaqinda “NewsMax TV” telekanaliga bergan intervyusida ko’plab yosh muhojirlarni giyohvandlik bilan shug’ullanuvchi jinoyatchilar deb atadi.

Ularning orasida bitta yaxshisi bo’lsa, qolgan yuztasi bezori. Hammasining oyoqlari baquvvat, chunki ular chegara bo’ylab 35 kilolik marixuanani ko’tarib yuradi, degan edi o’shanda kongressmen.

Bunday keskin gap hatto uning safdoshlari, jumladan, Vakillar palatasi spikeri Jon Beynerning tanqidiga uchradi.

“Uning aytganlari Amerika xalqi yoki Respublikachilar partiyasi qarashlarini ifodalamaydi. Hammamiz ishimizni konstruktiv, ochiq va hurmatga asoslangan shaklda olib borishimiz kerak”, - deydi Beyner.

Bolaligida Amerikaga ota-onasi tomonidan olib kelingan yosh mujohirlarga hujjat berishni nafaqat demokratlar, balki ko’pgina respublikachilar ham yoqlaydi. Ularga fuqarolik sari yo’l ochadigan “DREAM” qonuni 2010-yilda Senat tasdig’idan o’tmay, ijroga kiritilmay qolgan edi.

“Pyu” (“Pew”) tadqiqot markazi tahlilchisi Kerol Doxerti muhojirlarga fuqarolik berish masalasida Kongressdagi respublikachilar orasida yakdillik yo’q, deydi.

“Ular qaysi yo’lni tanlashni bilmay hayron. Hatto o’z mafkurasining eng asosiy tamoyillari yuzasidan ham yakdil emas. Ular gomoseksuallar nikohi, immigratsiya islohoti kabi masalalarga yangicha yondasha oladimi yoki yo’qmi?” – deya so’raydi tahlilchi Doxerti.

Kelajakdagi saylovlar haqida qayg’urayotgan ko’plab respublikachilar esa, asosan, yoshlarga qaratilgan immigratsiya islohotini qabul qilish tarafdori, deydi partiyaning strategiya bo’yicha maslahatchisi Ford O’Konnel.

“Buni ular ynagi imkoniyat sifatida ko’radi. Bu ispanzabonlarga, osiyoliklarga hamda boshqa oz sonli muhojirlarga qaratilgan bir tadbir. Bilamizki, agar bu yoshlarning buvasi yoki buvisini deportatsiya qiladigan bo’lsak, ular bundan keyin hech qachon bizning gapimizga quloq solmaydi”, - deydi O’Konnel.

Uning fikricha, agar respublikachilar muhojir saylovchilar e’tiborini qozona olmasa, saylovda respublikachilar holi voy bo’lishi tayin.

“Respublikachilar faqat oq tanli saylovchilar haqida qayg’uradi degan qarash bor. Yoqmsa ham, aytishga majburman: agar immigratsiya islohoti barham topsa, Respublikachilar partiyasi ham barham topishi hech gap emas”, - deydi partiyaning strategiya masalalari bo’yicha maslahatchisi Ford O’Konnel.

Kelasi oy ta’tildan chiqqach, Vakillar palatasi yana qonun loyihasi bo’yicha bahslarga qaytadi.