AQSh Vakillar palatasidagi respublikachi qonunchilar Prezident Baydenning impichmentiga doir ilk rasmiy tinglovini o’tkazdi. Ularga ko’ra, Bayden o’z mansabidan oilasini boyitish uchun foydalangan.
Your browser doesn’t support HTML5
“Yillar davomida Prezident Bayden Amerika xalqiga oilasining korrupsion biznes sxemalaridan bexabar ekani haqida yolg’on so’zlagan. Jo Bayden oilasi bilan ularning biznes ishlari haqida also gaplashmagani haqida eng kamida 10 marotaba yolg’on so’zlagan. U rasmiy vazifalari va xususiy hayoti o’rtasida qalin devor borligi haqida Amerika xalqiga yolg’on so’zlagan”, - dedi quyi palataning Nazorat va hukumat islohoti bo’yicha qo’mitasi raisi Jeyms Komer.
Demokratlar respublikachilarning da’volari jiddiy dalillarga asoslanmaganini, ilk tinglovda ham birorta yangi dalil keltirilmaganini aytadi.
“Tinglovga ko’rsatma berishga uch kishi taklif etildi. Birortasi prezidentga qo’yilayotgan jinoyatni o’z ko’zi bilan ko’rmagan. Birortasi Ukraina yoki “Burizma”ga bog’liq da’volarga bevosita guvoh bo’lmagan. Birortasi qo’mitada bu borada sakkiz oy davom etgan tergovda qatnashmagan”, - deydi qo’mitaning demokrat a’zosi Jeymi Raskin.
Demokratlar nazarida, respublikachilar Baydenga qarshi tergov bilan omma diqqatini sobiq prezident Donald Trampga 91 ta punkt bo’yicha qo’yilgan jinoiy ayblovlardan chalg’itmoqchi.
“Ular bu bilan Donald Tramp saylov kampaniyasiga yordam berishmoqchi”, - deydi demokrat vakil Robert Garsiya.
Respublikachilar korrupsiyaga qarshi kurashayotganini da’vo qiladi. So’nggi ommaviy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, amerikaliklarning uchdan biri Prezident Baydenning uning o’g’liga tegishli noqonuniy biznes aloqalarga aralashganini tekshirish tarafdori.
“Shaffoflik bo’lsin. Qonun ustuvorligiga amal qilaylik”, - deydi respublikachi qonunchi Liza Makleyn.
Agar Kongress 1-oktabrgacha davlat byudjetiga kelisha olmasa, federal hukumat ishini to’xtatishi, impichmentga doir tinglovlar esa kechiktirilishi mumkin.