Prezident Donald Trampga qarshi impichment tekshiruvining yangi bosqichi boshlandi. Diplomatlar va rasmiylar telekameralar oldida qonunchilar savollariga javob bermoqda. Tramp o’z manfaatini o’ylab lavozimini suiiste’mol qilganmi, degan savolga amerikaliklar javob oladi, deydi prezidentni ayblayotgan muxolifatchi demokratlar.
Shu kungacha yopiq eshiklar ortida o’tgan tinglovlar endi televideniye orqali namoyish etilmoqda.
Jarayonga demokrat kongressmen Adam Shiff bosh-qosh. Demokratlarga ko’ra, tinglovlar Prezident Tramp nima uchun impichmentga loyiq ekanini ko’rsatib beradi.
Demokratlar taklif etgan asosiy guvohlardan biri - Ukrainadagi elchi Vilyam Teylor.
“Teylor - mamlakatiga xizmat qiladigan odam. Uning e’tiboriga tushgan, uni bezovta qilgan faktlarni bayon qiladi”, - deydi razvedka qo’mitasi raisi Adam Shiff.
Elchi Vilyam Teylorning so’zlariga ko’ra, Tramp Ukraina uchun ajratilgan 391 million dollarlik harbiy ko’makni to’xtatib, Kiyevdan, avvalo, saylovdagi raqibi Jo Baydenga qarshi tergov boshlashni talab qilgan.
Davlat departamenti rasmiysi Jorj Kent va AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi Mari Yovanovich ham ko’rsatma beradi. Ularning aytishicha, prezidentning shaxsiy advokati Rudi Juliani diplomatik kanallarni aylanib o’tib ish tutgan. Kongress ma’qullagan yordam va Ukraina Trampning shaxsiy talablariga bo’ysunishi bir-biriga bog’liq masalalar deb ko’rilgan.
“Bu qip-qizil poraxo’rlik”, - deydi Kongress a’zosi Jeki Spiyer.
Respublikachilar impichment tekshiruviga turtki bergan, Tramp va Ukraina prezidenti o’rtasida kechgan telefon suhbatini himoya qilmoqda.
“Zelenskiy va Trampga ishonaman. Ko’mak to’xtatilganidan ukrainaliklar bexabar bo’lgan. Qanday qilib ularga bosim o’tkazilgan bo’lishi mumkin? Ko’mak oxir-oqibat berildi, Ukrainadan hech narsa talab qilinmadi. Bular hammasi fakt. Demokratlar mutlaqo muhim bo’lmagan narsalar ustida shovqin ko’taryapti”, - deydi kongressmen Jim Jordan, prezidentning ashaddiy tarafdorlaridan biri.
Tramp fikricha, impichment jarayoni adolatsiz.
“Menchalik oshkora prezidentni topolmaysiz. Jodugar ovi bu. Mamlakatimiz uchun juda yomon”, - deydi u.
Demokratlar amal qilayotgan tartib Richard Nikson va Bill Klinton impichment qilingan jarayonlarga o’xshash.
“Impichment jarayoni katta jyuri faoliyatini eslatadi. Hozir dalillar to’planyapti. Keyinchalik ayblov qo’yiladi. Vakillar palatasidagi respublikachilarda ayblovni inkor etish uchun imkoniyat bo’ladi”, - deydi tahlilchi Ileyn Kamrak.
Ayblovlarni o’z ichiga olgan “Impichment bandlari” Vakillar palatasida ovozdan o’tishi aniq. Biroq Tramp respublikachilar ko’pchilikni tashkil etuvchi Senatda oqlanishi mumkin. Bu degani, u birinchi muhlatini oxiriga yetkazadi.