Amerikada o'zbek tiliga e'tibor. Indiana Universitetidan reportaj

Ingliz zabonlar uchun o'zbek tili qo'llanmasi



Indiana Universitetida 40 ming talaba 120 dan ortiq mutaxassislik bo'yicha ilm oladi. Universitet Amerikada o'zbek tili darslarini taklif etuvchi sanoqli oliygohlardan biri. 2002-yilda Markaziy Yevrosiyo tarixi fakulteti qoshida CeLCAR - Markaziy Osiyo tillarini o'rganish markazi tashkil etilib, turkiy tillar bo'yicha mutaxassis Bill Firman unga rahbarlik qiladi.

"Markazimizning maqsadi - O'rta Osiyo tillarini o'rganish uchun material tayyorlash. Hozirda o'zbek tili bo'yicha darslikning birinchi qismini yaratdik. Boshlang'ich bosqichdagi talabalar uchun. Bu darslikdan nafaqat Indiana Universiteti, balki boshqa oliygohlar ham foydalanishi mumkin", - deydi Firman sof o'zbek tilida.

Darslikning birinchi tomini tayyorlashda o'zbekistonlik yosh olim Nigora Azimovaning hissasi katta bo'ldi.

Bill Firmanning aytishicha, markaz davlatdan pul oladi. Mamlakat iqtisodiy qiyinchiliklar bilan yuzlashar ekan, bu ishni kengroq yo'lga qo'yishga mablag' yetarli emas. Ta'lim vazirligi dastur uchun pulni qisqartirgan.

Professor Firman o'zbek tilini targ'ib qilishda O'zbekistondan yordam olsak ham yaxshi bo'lar edi, deydi.

Yangi chiqqan o'zbek tili darsligini universitetda ta'lim olayotgan amerikalik talabalar yuqori baholamoqda. Ular haftada bir marotaba norasmiy tarzda uchrashib, o'zaro mashq qilishadi.

Indiana Universitetining Turkiy va eroniy tillar leksikografiyasi va dialektologiyasi markazi ayni damda o'zbek-ingliz tillari lug'atining onlayn ko'rinishi ustida ishlamoqda.