Xalqaro koalitsiya hujumlari “Islomiy davlat” terror tizimini tinmasdan havodan nishonga olayotgan bo’lsa-da, guruh dunyo tinchligi uchun katta tahdid bo’lib qolmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Suriya va Iroqda o’rnashib olgan jihodchilar safida qo’liga qurol olgan 32 minggacha jangchi borligi taxmin qilinadi.
Koalitsiya samolyotlari o’tgan yilning avgustidan buyon “Islomiy davlat” manzillariga sakkiz mingdan ziyod bomba tashlagan. Kurd jangchilari ham ularga qarshi hujumlarni davom ettirmoqda. “Islomiy davlat” boy bergan hududlarini qaytarib olishi gumon.
AQSh razvedkasiga ko’ra, jihodchilar siquvga olingan sari ularning safida norozilik ham kuchayib boraveradi.
Yaqinda Senatning Qurolli kuchlar qo’mitasida ana shu masalalar muhokama etildi. Harbiy razvedka boshqarmasi direktori Vinsent Syuart deydiki, “Islomiy davlat” ni yengayapmiz deb aytishga hali erta.
Jihodchilar internetda, ijtimoiy tarmoqlarda kuchli propaganda orqali a’zolarini ko’paytirmoqda.
"Ularning maqsadi yangi hududlarni qo’lga kiritib, Iroq va Suriyada e’lon qilingan xalifalik kattalashib borayotganini ko’rsatish”, - dedi AQSh Razvedka idoralari rahbari Jeyms Klepper.
Unga ko’ra, Mosuldek shaharlarda aholi “Islomiy davlat”ga qarshi chiqayotgani, ularning moliya va daromadi kamaygani, ayrim hududlarda majburiy xizmat joriy etilgani haqida ma’lumotlar bor.
Harbiylarning aytishicha, Iroqda amalga oshirilayotgan havo hujumlari natijasida jangarilardan 700-800 kvadrat kilometr maydonlar tortib olingan.
Ammo Urushlarni o’rganish institutidan Kristofer Harmer fikricha, xulosa qilishga shoshmaslik kerak.
“Taktik ustunlik bu, strategik jihatdan hech narsa o’zgargani yo’q. “Islomiy davlat” Iroqda bosib olgan yerlarini boshqarishda davom etyapti. Suriyada esa yangi hududlarni qo’lga kiritmoqda. Ularning asosiy qarorgohi ham Suriya”.
Yaqin oylarda islomiy jangarilarga qarshi katta harbiy yurish boshlanishi kerak. Iroqda tayyorgarlik ketmoqda.
Muammo shundaki, deydi rasmiylar, Iroq armiyasi bu ishni o’zi amallashi uchun 6 oydan 9 oygacha vaqt ketishi mumkin. Qo’shma Shtatlar o’z askarlarini mintaqaga yuborishni istamaydi.
Chunki “Islomiy davlat” buni G’arb va islom o’rtasidagi kurash deb, propagandaga zo’r berishi aniq”, - deydi general Vinsent Styuart.
Tahlilchilar fikricha, AQSh yordami bilan ham Mosul shahri uchun janglar nihoyatda qonli bo’lishi mumkin.
“Islomiy davlat”ning Suriyadagi bazalariga kelsak, ular haqida razvedka ma’lumotlari juda oz va qanday yo’q qilish alohida bir masala.