Eron televideniyesi hukumatga qarshi namoyishlarda 10 kishi halok bo'lgani haqida xabar bermoqda. Tafsilotlar hozircha noma'lum.
Mamlakatda Instagram va Telegram tarmoqlari vaqtincha yopib qo'yilgan. Bu tinchlikni ta'minlash uchun zarur, deydi rasmiylar. Namoyishlardan suratlar va videolar shu tarmoqlar orqali tarqatilayotgan edi.
"Tarmoqni yopish talabini rad etganimizdan so'ng bizni blok qilishdi", - deydi Telegram kompaniyasi rahbari Pavel Durov.
Taniqli diniy peshvo Oyatulla Muhsin Araki hukumat tarafdorlari oldida dediki, "dushman" Eronda "yangi fitna uyushtirish uchun" ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqda.
Namoyishlar Mashhad shahrida boshlanib, mamlakatning boshqa qismlariga tarqalgan. Prezident Hasan Ruhoniy va oliy peshvo Oyatulla Ali Xomeneiyga qarshi hayqiriqlar yangramoqda.
Ogohlantirish
Eron ichki ishlar vaziriga ko'ra, tartibni va qonunni buzganlar javobgarlikka tortiladi, "qo'rquv va terrorga aslo yo'l qo'yilmaydi".
Mamlakatda 2009-yilgi prezidentlik saylovlaridan beri bu kabi yirik norozilik chiqishlari ro'y bermagan edi. O'shanda Prezident Mahmud Ahmadinejodning qayta saylangani, bu gal esa oziq-ovqat narxlari oshib ketgani va ishsizlik namoyishlarga turtki bergan. 2009-yilda 72 kishi halok bo'lgan.
"Eronliklar shikoyat qilishga, noroziligini bildirishga to'la haqli, lekin tartibni buzishga emas", - deya munosabat bildirdi Prezident Hasan Ruhoniy hukumat majlisida.
2015-yilgi yadroviy kelishuv 2017-yil mayda qayta saylangan Ruhoniyning katta yutug'i deb ko'rilgan edi. AQSh va yana besh davlat Tehronning yadro programmasini cheklash evaziga xalqaro sanksiyalarni yumshatishga rozi bo'lgan. Ammo bu Eronda iqtisodiy o'sishga olib kelmadi, xalq qimmatchilikdan noliydi.
O'lkada ishsizlik 12.4 foizga teng, inflyatsiya yuqori.
Zo'ravonlikni qoralab, hukumat tarafdorlari ham ko'chalarga chiqdi. Davlat televideniyesining xabar berishicha, taxminan 1200 shahar va qishloqlarda namoyishlar o'tgan.
Ikki kishi otilgan
30-dekabr kuni ikki namoyishchi otib o'ldirilgan. Rasmiylar bunda "xorij agentlarini" ayblamoqda.
"Politsiya va xavfsizlik kuchlari o'q uzmadi. Inqilob dushmanlari, takfiriylar va chet el agentlarining ishi bu", - deydi Habibulla Xojastapur, otishma ro'y bergan viloyat hokimi o'rinbosari. Dorud shahridagi voqea videoga tushirilib, internetga qo'yilgan.
Munosabat
AQSh Prezidenti Donald Tramp Eron hukumatini qoralamoqda. Twitter tarmog'ida u BMT minbaridan turib qilgan nutqidan iqtibos keltirdi. Ruhoniy hukumati ham, undan oldingilari ham Eron xalqini ezib kelmoqda, deydi Tramp.
Davlat departamenti ham bayonot bilan chiqdi:
"Eron rahbarlari boy tarix va madaniyatga ega o'ziga to'q mamlakatni iqtisodiy jihatdan qoloq, zo'ravonlik va xunrezlikni eksport qiluvchi davlatga aylantirdi", - deyiladi unda.
Vashington barcha davlatlarni Eron xalqini va ular olg'a surayotgan talablarni qo'llab-quvvatlashga chaqirmoqda.