Isroil Eronning javob hujumiga hozirlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Isroil shanba kuni 100 dan ortiq samolyot yordamida Eronning 20 ga yaqin harbiy inshootini hujumga olganini bildirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 28-oktabr, 2024-yil - Isroil Eronning javob hujumiga hozirlanmoqda

Isroil shu tariqa Tehronning 1-oktabr kungi ballistik raketa hujumiga javob berdi.

“Bir paytning o’zida Eronning yerdan havoga otuvchi raketalari va havoda harakatlanish salohiyatiga zarba berdik. Isroil endi Eronga qarshi havoda erkinroq harakatlana oladi”, - deydi Isroil armiyasi so’zlovchisi Daniel Xagari.

Isroil Eronning Rossiyadan olgan S-300 havo mudofaasi tizimilarini ishdan chiqarganini, Saudiya Arabistoni matbuoti shuningdek ballistik raketa ishlab chiqaruvchi zavod yo’q qilinganini bildirdi. Eron armiyasi faqat radar tizimlari zarar ko’rganini, to’rt harbiysi halok bo’lganini ma’lum qildi.

Isroillik tahlilchilar zarar ko’lamini aniq baholashga vaqt ketishini aytadi.

"Hujum natijalarini ijtimoiy tarmoqlarda ko’rmaysiz. Ular bazalar ichida ro’y bergan, bazalar esa devorlar bilan o’ralgan. Zarar ko’lami odamlar ko’ziga ko’rinmaydi. Bir necha kundan so’ng sun’iy yo’ldosh orqali ko’rarmiz”, - deydi Tel-Avivdagi Milliy xavfsizlikni o’rganish institutidan Beni Sabti.

Isroil Eron yadro yoki neft inshootlarini nishonga olmaslikka qaror qilganini aytadi.

“So’nggi 2-3 hafta davomida Bayden ma’muriyati eskalatsiyani kuchaytirmaslikni so’rab bosim qo’ygan. AQShdan raketa olayotgan Isroil Bayden va Harrisni ranjitishni istamadi. Nishon tariqasida dron ishlab chiqaruvchi korxonalar, havo mudofaasi tizimlari belgilandi”, - deydi isroillik yana bir tahlilchi Eyal Pinko.

Isroil endi Eronning javob hujumiga hozirlanmoqda, biroq kuzatuvchilar Tehron javob berishiga ishonmaydi.

“Eron Isroilga ballistik raketalar bilan hujum qilishni bas qilish kerakligini tushunadi degan umiddaman. Chunki agar Eron hozir javob bersa, Isroilning javobi yanada qattiqroq bo’ladi va bu mintaqada kattaroq eskalatsiyaga olib keladi”, - deydi Tel-Avivning Bar Ilan universitetidan Shlomo Spiro

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Arag’chi AQSh Isroilning so’nggi hujumiga sherik bo’lganini aytadi. Eron vaziri Qo’shma Shtatlar Isroilni havo koridori va texnika bilan ta’minlaganini bildirdi.

Iroq hukumati Isroil samolyotlari Eronga hujum qilish uchun uning havo sarhadlariga kirganidan norozilik bildirib, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga shikoyat yo’lladi.

Eron Oliy diniy raisi Oyatulla Ali Xomeneiy Isroil hujumdan yutuqlarini bo’rttirib ko’rsatayotganini, shunday bo’lsa-da, Eron bunga ko’z yummasligini, Isroilga o’z qudratini ko’rsatishi kerakligini aytdi.

Bu orada G'azoda...

Isroilning yakshanba kuni G’azoga hujumlarida kamida 45 falastinlik o’lgan. Shulardan to’qqiz nafari G’azo shahridagi Shtati qochqinlar lagerida joylashgan maktabda jon saqlayotgan odamlar edi, 20 kishi yaralangan, aksariyatining ahvoli og’ir.

Hujumda uch nafar mahalliy jurnalist ham nobud bo’lgan.

G’azo hukumati so’nggi bir yilda sektorda 180 nafar muxbir o’lganini ta’kidladi.

Isroilda terror hujumi

Isroilda esa yuk mashinasi haydovchisi avtobus bekatida turgan odamlarga urilib, bir kishining o’limiga sabab bo’ldi, 40 ga yaqin isroillik, jumladan askarlar jarohat oldi. Politsiya voqeani terror xuruji deb atamoqda.

Hodisa harbiy baza yonida ro’y bergan. Haydovchi arab millatiga mansub Isroil fuqarosi ekani, odamlar bilan otishmada o’ldirilgani aytilmoqda.

Isroil ham, XAMAS ham Misrning ikki kunga sulh e’lon qilish taklifini rad etdi. Qohira XAMASdan garovdagi isroilliklarning to’rt nafarini, Isroildan esa falastinlik mahbuslarni ozod etishni so’ragan edi.