Xalqaro hamjamiyat Eronni muzokara stoliga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Eron yadro dasturi bo'yicha muloqotga mas'ul xalqaro guruh rasmiy Tehronni shartsiz ravishda muzokara stoliga qaytishga chaqirmoqda. AQSh, Xitoy, Rossiya, Fransiya, Britaniya va Germaniyadan iborat P5+1 guruhi vakillari bugun Venada uchrashgan.

G'arb xavotiri shuki, Eron yadro quroli ustida ishlamoqda, ammo Tehron dastur tinch maqsadlarga qaratilgan, deb keladi.

Eron atom dasturini avvalambor o'ziga tahdid deb bilgan Isroil bu davlat yadro inshootlarini nishonga olish ustida o'ylanar ekan, P5+1 a'zolari masalaga diplomatik yechim topish rejasida qat'iy.

So'nggi oylarda BMT inspektorlari Eronga ikki bor tashrif buyurib, atom dasturi haqida gaplashgan. P5+1 guruhi rasmiy Tehrondan inspektorlarni Parchin yadro inshootiga qo'yishni so'ramoqda. Mutaxassislar nazarida Eron Parchinda yadro quroliga doir izlanishlar olib borayotgan bo'lishi mumkin.

Prezident Barak Obama ham muammoga siyosiy yechim topish tarafdori. Eron Oliy diniy rahnamosi Oyatullo Ali Xameneiy AQSh rahbarining bu mazmundagi bayonotini olqishlagan.