Isroil-Xamas urushi fonida Eron yadro dasturi e'tiborsiz qoldi

  • Amerika Ovozi

AQSh Eronni XAMAS va boshqa jangari guruhlarni qo’llab-quvvatlayotganlikda ayblarkan, Tehron Yaqin Sharqda kattaroq mojaroga turtki bersa, Vashington qarshi chora ko’rishini bildirgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 27-oktabr, 2023-yil

XAMAS-Isroil ixtilofi fonida Eron yadro dasturi e’tiborsiz qolib ketdi.

“Eron AQSh bilan oktabr oxirida yuzma-yuz muzokara qilishi mumkin edi Ummonda. Ammo endi buning imkoni yo’q. Ikki mamlakat o’rtasida bevosita muzokara qilishga siyosiy maydon qolmagan bo’lsa kerak”, - deydi Bryusseldagi Xalqaro inqirozlar guruhi tahlilchisi Ali Voiz.

Eron yadro dasturini nazoratga oluvchi kelishuv 2015-yilda imzolangan, ammo 2018-yilda Qo’shma Shtatlar bitimdan chiqishi ketidan Eron ham majburiyatlarini bajarishdan bosh tortdi. Kelishuvni jonlantirishga qaratilgan so’nggi muloqot o’tgan yili Venada bo’ldi.

BMT qoshidagi Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlikning avgust oyida chop etilgan hisobotiga ko’ra, Eron uranni 60 foizgacha boyitishga muvaffaq bo’lgan. Yadro qurolini tayyorlashga esa kamida 90 foizgacha boyitilgan uran kerak.

Eron agentlikning yadro inshootlarida o’rnatilgan kameralarini olib tashlab, inspektorlarning ba’zilariga mamlakatga kirishni taqiqlab qo’ydi.

“AQSh bilan ziddiyatlarni yumshatish maqsadida Eron 60 foizgacha boyitilgan qo’shimcha uran to’plashni to’xtatib qo’ygan edi. Ammo hozir vaziyat o’zgarishi mumkin, ikki tomonlama ziddiyatlar yangidan kuchaymoqda. Eron bitta yadro quroli uchun yetarli uranni bir haftadan kam vaqtda boyita olishi mumkin. Hozirgi vaziyatni vaqt bombasi deb ta’riflasa ham bo’ladi, shu sabab Eron yadro faoliyatiga chek qo’yishning birorta yechimini topish kerak”, - deydi Voiz.

Xalqaro atom energiyasi bosharmasining rahbari Rafael Grossi Isroil-XAMAS urushi va Eron yadro dasturi o’rtasida bog’liqlik ko’rmasligini aytadi.

“Eron Yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi bitimning asosiy majburiyatlaridan bo’yin tovlashga harakat qilayotganiga biror dalil yo’q. Ya’ni yadro qurollarini yaratish majburiyatidan”, - deydi Britaniyaning boshqarmadagi sobiq vakili Piter Jenkins.

Agar mintaqada vaziyat keskinlashishda davom etsa, Tehron yadro dasturidan G’arbga bosim qo’yishda foydalanishi mumkinmi?

“Eron G’arbning Tehron yadro dasturiga doir xavotirlari va bezovtaligini oshirishga harakat qilishi mumkin, ammo chegaradan chiqib, Yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi bitimga rioya qilishni batamom to’xtatadi deb o’ylamayman”, - deydi Jenkins.

Isroil Eronga yadro qurolini yaratishiga yo’l qo’ymasligi va kerak bo’lsa, buning uchun Eron yadro inshootlariga zarba berishi haqida bir necha bor bildirgan.

Isroilning o’zi ham norasmiy yadro davlati deb hisoblanadi, xalqaro inspektorlarni yadro obyektlariga yo’latmaydi.