Tahlil: G’arb nega Erondan bunchalik qo’rqadi?

  • Amerika Ovozi
Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi nazarida Eron yadro qurolini qo’lga kiritish harakatida. Ammo rasmiy Tehronning bildirishicha, yadro dasturining harbiy sohaga umuman aloqasi yo’q.

Your browser doesn’t support HTML5

G’arb nega Erondan bunchalik qo’rqadi?/Shohruh Hamro


Bahsni hal etishga qaratilgan diplomatik harakatlar samara bermasa, eng so’nggi chora – harbiy aralashuvdir.

Xalqaro hamjamiyat ko’p yildan buyon Eronni uran boyitishni bas qilishga undab keladi. Past darajada boyitilgan uran moddasini yadroviy inshootlarda qo’llash mumkin, lekin yadroviy qurol yaratish uchun uni yuqori darajada boyitish talab qilinadi.

Tehron bilan muzokaralar samara bermagach, Birlashgan Millatlar Tashkiloti sanksiyalarni joriy etdi. Bir necha davlat, jumladan, Amerika Eronning neft kompaniyalari va banklariga ham cheklovlar qo’ygan.

Joriy yili Eron diplomatlari ishtirokida o’tgan ikki xalqaro yig’in ham natija bermadi. Biroq ayrim tahlilchilar yangi prezident Hasan Ruhoniyga umid bog’lamoqda.

Bu orada, Isroil hukumati vaziyatga real ko’z bilan qarashni, Eronda tashqi siyosatga oid muhim qarorlarni prezident emas, balki oliy rahbar hal qilishini eslatib turibdi.

Isroil rasmiylarining aytishicha, ularning davlatiga Eronchalik xavf soladigan mamlakat yo’q bu dunyoda. Shunday ekan, uning yadroviy inshootlarini havodan nishonga olishi mumkin. Bunday reja borligi anchadan beri muhokama qilinadi.

Yahudiy davlati oldidagi vazifa murakkab, deydi Britaniyaning Bredford Universitetidan harbiy tahlilchi Pol Rojers.

“Eron so’nggi yillarda yadroviy laboratoriyalarining bir qismini yer ostiga, Isroil raketalari yorib kira olmaydigan joylarga ko’chirdi. Ammo bilamizki, AQShda bunday baquvvat raketalar bor, lekin Isroilga berish-bermasligi noma’lum”, - deydi Rojers.

Milliy Mudofaa Universitetidan yana bir mutaxassis Tomas Hamsga ko’ra, avvalo mo’ljalni aniq belgilab olish zarur.

“Eronning yadroviy inshootlari qayerda joylashgani haqida taxmin qila olamiz xolos. Atom qurollari bor deb, Iroqni bosib olganimizni yodda tutaylik. Razvedka ma’lumotlari, dalil qilib ko’rsatilgan hujjatlar, hammasi yolg’on chiqqan o’shanda”, - deydi ekspert.

U quyidagi savolni o’rtaga tashlaydi: So’nggi 10 yil ichida AQShning razvedka salohiyati qanchalik yaxshilandi?

Iroq, Afg’oniston, Pokiston va Suriyada AQSh elchisi bo’lib xizmat qilgan Rayan Kroker fikricha, Eronga qarshi harbiy operatsiya muvaffaqiyatli kechishiga 100 foiz ishonch bo’lsagina uni amalga oshirsa bo’ladi.

“Bir tasavvur qiling, islomiy respublikaga bir yoki bir necha davlat birgalikda hujum qilsa. So’ngra Eron baribir yadro qurolini ishlab chiqarsa, nima bo’ladi?”

Massachusetts Texnologiya Universitetidan olim Jim Volsh nazarida havo hujumlari aks natijani berishi mumkin.

“Agar Eron hozir ikkilanib turgan bo’lsa, hujumdan keyin yadro raketasini qo’lga kiritishga ahd qilishi turgan gap. Bizga shu kerakmi?”, - deb so’raydi Volsh.

Ayni paytda aksar mamlakatlar orasida umumiy qarash shuki, Eron ommaviy qirg’in quroliga ega bo’lmasligi kerak. Harbiy ekspert Tomas Hams bu fikrga qo’shilmaydi.

“Sovet Ittifoqida katta yadroviy arsenal bo’lgan zamonlarni boshdan kechirganmiz axir. Bugungi kunda ehtimol Shimoliy Koreyada ham bordir, Xitoyda borligi ham sir emas. Bu davlatlar bilan baribir muloqot qilamiz, savdo qilamiz. Nega endi Erondan bunchalik qo’rqayapmiz?”, - deydi olim.

Uning aytishicha, Eron atom qurolini yasab, uni ishlatishga qaror qilsa Isroil bu davlatni yakson qilishga qodir. Qolaversa, deydi u, Qo’shma Shtatlar ham qo’l qovushtirib o’tirmaydi.