Eronning yadro dasturi yuzasidan Istanbulda o’tayotgan muzokaralarni xalqaro jamoatchilik diqqat bilan kuzatmoqda. Ma’lumki, Isroil Eron atom inshootlarini havodan nishonga olamiz deb dag’dag’a qilgan. Muzokara nima bilan tugashi - hal qiluvchi faktor.
Siyosatdonlar fikricha, agar yahudiy davlati Eronga hujum qilishga qaror qilsa, Isroilga ham o’nlab raketalar yog’ilishi turgan gap. Eron nafaqat Isroilning, balki AQSh va unga do’st davlatlarning global manfaatlariga qarshi terroristik hujumlar uyushtirishga qodir.
Islomiy respublika bu haqda ochiq ogohlantirgan. Oliy rahbar Oyatulla Xomenei o’tgan oygi nutqida “dushmanning qaqshatqich zarbasini o’ziga ham qaytaramiz” deb ta’kidlagan edi.
Isroilning raketa hujumiga qarshi himoya tashkiloti sobiq direktori Uzi Rubin oqibatlarga to’xtaladi.
Lekin uning qayd etishicha, Eron qo’lida mo’ljalni aniq uradigan raketalar yo’q va shu bois Tehron Isroilga yaqinroq ittifoqchi davlat territoriyasidan foydalanishi mumkin, masalan Suriya.
“Shuning uchun Isroilga tahdid haqida gapirganda, avvalo Suriyani yodda tutish lozim. Uning raketalari ko’p bo’lgani uchun emas, balki Isroilga yaqin bo’lgani uchun”, - deydi Uzi Rubin.
G’azo sektorida hukmron Xamas harakati yillardan buyon Erondan moliyaviy madad olgani sir emas. Biroq so’nggi paytlarda bu guruh Suriya va Eron hukumatlaridan uzoqlashishga harakat qilayapti. Demak, deydi tahlilchilar, mojaro chiqsa aralashmasligi mumkin.
Livanda asoslangan Hizbulloh guruhi boshqa masala. Uning ixtiyorida 40 ming raketa bor va har kuni mingtasini uchirish salohiyatiga ega.
Lekin Hizbulloh Eron buyrug’ini bajarishiga ko’zim yetmaydi, deydi Isroil sobiq generali Shlomo Brom.
Harbiy chora qatorida, Eron Xo’rmuz bo’g’ozida inspeksiyalarni kuchaytirib, tankerlar o’tishini qiyinlashtirishi mumkin. Ammo savdo yo’llarini butunlay yopib qo’yishi gumon.
Aksar tahlilchilar nazarida, Isroil-Eron urushi qanday oqibatlarga olib kelishini hozirdan aytish qiyin. Mojaro global tus olishi aniq.
Xavotir shundaki, deydi Isroil generali Shlomo Brom, Eron Amerikani urushga jalb etadigan provokatsiyalarga qo’l urmadik deya xato qilishi mumkin. Beqaror mintaqaga hozir yana bir harbiy mojaroning hecham keragi yo’q.