Qo’shma Shtatlar Eronga yadro dasturini rivojlantirishga ko’maklashayotgan o’nlab xorijiy kompaniya va shaxslarni qora ro’yxatga kiritgan.
Davlat departamenti rasmiylarining aytishicha, dunyoning bir qancha davlatlarida joylashgan tashkilot va tuzilmalar Eron bilan maxfiy aloqada bo’lib, undan moliyaviy ko’mak oladi.
AQShning qora ro’yxatiga tushgan bizneslar ichida sug’urta, savdo, konchilik bilan shug’ullanuvchi jami 21 bank va tashkilot bor. Belarus, Germaniya, Italiya, Yaponiya va Lyuksemburgda asoslangan bu bizneslar Eronga xalqaro sanksiyalar ta’siridan qochish uchun ko’maklashib kelgani aytiladi.
AQSh Moliya vazirligi, shuningdek, islomiy respublikaning yuqori lavozimli rasmiylarini Hizbulloh, Xamas va Tolibon kabi jangari guruhlar bilan aloqada ayblamoqda. Bu guruhlarni, ma’lumki, AQSh terrorchi deb hisoblaydi va ular qora ro’yxatda.
Obama ma’muriyati nazarida Eronga xalqaro bosim natija beryapti. Rasmiy Tehron yaqinda xalqaro atom boshqarmasiga maktub yo’llab, muzokaraga qaytishini bildirgan.
“Eron vanihoyat jiddiy dialog boshlashga tayyor ko’rinadi”, - deydi Amerika Davlat departamenti vakili Filip Krovli. “BMT Xavfsizlik Kengashi qatorida AQSh, Yevropa Ittifoqi, Avstraliya va mana endi Yaponiya ham sanksiyalarni kuchaytirar ekan, Eronda biznes imkoniyatlari yo’q hisob”.
Qo’shma Shtatlar islomiy respublikaning qayta muzokaraga kirish tashabbusini olqishlamoqda. Uran rudasiga yonilg’i ayirboshlash rejasi yana muhokamada. Muloqotga Yevropa Ittifoqi diplomatlari vositachilik qilishi kutilyapti.
Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod kelasi oy BMTning Nyu-Yorkdagi yig’ilishida prezident Obamani yuzma-yuz debat-muhokamaga chaqirgan. Xalqaro ahamiyatga molik masalalarni qanday hal qilish bo’yicha ochiqchasiga bahslashaylik, deydi Ahmadinejod.
Oq uyning bildirishicha, AQSh atom dasturi bo’yicha samimiy muloqotga doimo tayyor, ammo Tehron bunga jiddiy va xafsala bilan yondashishini ko’rsatishi kerak.