Eron diplomati Tolibon bilan aloqa mavjudligini rad qildi

  • Amerika Ovozi

Tolibon jangchilari

Eron diplomati Tolibonning AQSh hujumida o'ldirilgan rahbari Mulla Mansur bilan Tehron yaqin aloqada bo'lgani haqidagi da'volarni rad etdi.

Janubi-sharqiy Pokistonda 21-may kuni dron orqali hujum amalga oshirilganda Mulla Mansur Erondan qaytayotgan bo'lgan. AQSh rasmiylarining aytisicha, Tolibon yetakchisi Eronga bemalol kirib-chiqib yurgan va bu o'lkada uning oilasi yashagan.

Eronning Pokistondagi elchisi Mehdi Honardo'stning aytishicha, Tehronning Tolibon kabi terrorchi guruh bilan hamkorlik qilishi haqida so'z bo'lishi mumkin emas.

"Mansur Afg'onistondagi Tolibon rahbari bo'lgan. 16 yil oldin Tolibon bilan biz kurashganmiz, chunki ular bosh konsulligimizga hujum qilib, barcha diplomatlarimizni o'ldirgan", - deydi Eron elchisi.

1998-yil Tolibon Afg'onistonning aksariyat qismini nazorat qilayotgan paytda Mozori Sharifda sakkiz Eron diplomati o'ldirilgan edi. O'shanda Tehron Afg'onistonga qarshi urush e'lon qilishiga bir bahya qolgan.

AQSh 2001-yil Afg'onistonni bosib olishidan oldin Eron Tolibonga qarshi Afg'onistonning Shimoliy alyans guruhini moddiy yordam va qurol-aslaha bilan ta'minlab kelgan.

"Bunday odamlar bilan qanday qilib muloqot qilishimiz mumkin? Eron hech qachon ularni qo'llab-quvvatlagan emas", - deydi Honardo'st.

Mulla Mansur o'ldirilganda yonidan Vali Muhammad nomiga olingan Pokiston pasporti topilgan. Pasportda Eron vizasi va bu o'lkaga kamida ikki marta borganiga oid safar ma'lumotlari bo'lgan.

Tehron Mansurning Eronda bo'lganini bilganmi, degan savolga elchi Honardo'st, "bo'lishi mumkin, hamma narsa mumkin", deb javob berdi. U, shuningdek, Eronning Afg'oniston va Pokiston bilan ulkan chegara hududiga ega ekanini qayd etdi.

Ayrim ma'lumotlarga ko'ra, Afg'onistonda "Islomiy davlat" jangari guruhi paydo bo'lib kuchayib borayotgani Tehronni tashvishga solgan va Tolibon bilan aloqa o'rnatishga undagan bo'lishi mumkin. Ba'zi matbuot xabarlarida yozilishicha, Eron o'z chegarasiga "Islomiy davlat" jangarilarini yaqinlashtirmaslik uchun Tolibonga hatto moddiy yordam va qurol-yarog' bermoqda.