Yaqin Sharqqa sayohat qilish ishtiyoqida bo’lganlar soni notinchlik va qo'zg'olonlar sabab ancha kamaydi. Ammo Eronni kashf etish niyatida yurganlar juda ko’p. Lekin Amerika bu davlat bilan uzoq yillardan beri aloqa qilmas ekan, u yerga borib kelish ham oson emas.
Debra Rojers yaqinda Eronga safari chog’ida sotib olgan ikki suratni ko’rsatadi. Ular bugun Nyu Yorkda yashovchi bu ayolning uyida osilgan. Biri – buyuk fors shoiri Sa’diy tasviri.
Rojers 2010 yilda Eronga safar qilgan ikki million xorijlik sayyohdan biri. 2004 yildan buyon turizm biroz yaxshilangan, Eron byudjetiga yiliga 2 milliard dollar daromad keltirayotgani ma’lum.
Syu Jin, Xalqaro turizm tashkilotining Osiyo bo’yicha direktori, “Amerika Ovozi” bilan suhbat qilar ekan, Eron dunyo mamlakatlari orasida o’z madaniy va tarixiy obidalari bo’yicha birinchi o’nlikka kirishini aytadi.
“Madaniy obidalarni olsak, ular dunyoning barcha boshqa mamlakatlari – Gretsiya, Italiya, Fransiya, Xitoy yoki Hindistondan qolishmaydi. Eron sayyohlar soni va ko’lamini ko’paytirish imkoniga ega”,- deydi Jin.
Ammo Xalqaro turizm tashkilotiga ko’ra, Eron bu borada mavjud imkoniyatlardan foydalanayotgani yoq. Sayyohlar 2010 yilda Yaqin Sharq mamlakatlariga 50 milliard dollar olib kirgan bo’lsa, Eronning ulushi ushbu mablag’dan bor-yo’g’i 4 foizni tashkil etadi.
Eron hukumati turizmni rivojlantirishga katta e’tibor qaratayotganini qayd etadi. So’nggi yillarda xorijlik sayyohlar uchun Eronga viza olish ancha osonlashdi. Endilikda hatto Eron bilan rasmiy diplomatik aloqaga ega bo’lmagan AQSh fuqarolari ham, hukumat rasmiylaridan tashqari, Eronga bemalol tashrif buyurishi mumkin. Ayniqsa, xuddi Debra Rojers kabi Eronga katta guruh tarkibida sayohat qilish oson.
Tahlilchilar fikricha, turizm sohasini rivojlantirish niyatida bo’lgan Eron oldida turgan eng muhim vazifa – mamlakat imijini o’zgartirishdir. Xalqaro so’rovlarda Eron Afg’oniston va Iroq qatorida turistlar eng kam qiziqadigan mamlakat deb topilgan.