Turkiya o’z tillasini Eron gaziga ayirboshlar ekan, G’arb norozi

  • Amerika Ovozi
Turkiya Erondan tabiiy gaz xarid qilib, tilla bilan to’layotganini tan oldi. Ma’lumki, Qo’shma Shtatlar va uning ittifoqchilari islomiy respublikani bir necha karra sanksiyalar bilan jazolagan.

Your browser doesn’t support HTML5

Turkiya Eron gaziga tilla bilan to'layapti/Shohruh Hamro


Turkiya Eron bilan muqobil yo’llar orqali savdo qilayotganidan xabar topgan AQSh qonunchilari chora ko’rishini aytmoqda.

Turkiya Bosh vaziri o’rinbosari Ali Bobojon uning davlati gaz importini oltin bilan qoplayotganini tan oldi. Vashington bunga qarshi yangi choralar ko’rmoqchi.

Turkiya Iqtisodiyot vaziri Zafar Jaglayan esa “biz boshqaralarning yo’l-yo’rig’i bilan ish tutmaymiz”, deya javob bermoqda.

“AQSh Eronga sanskiya qo’ygan bo’lsa o’ziga. Biz ko’p tomonlama xalqaro bitimlarga qo’l qo’yganmiz, ularga amal qilamiz. Yevropa Ittifoqining qarorlari ham bizga tegishli emas, blokka a’zo emasmiz”, - deydi vazir.

Turkiya tabiiy gazining 18 foizini hamda neftining 51 foizini Erondan xarid qiladi. Lekin AQSh va Yevropa joriy etgan sanksiyalar Tehronga dollar yoki yevroda to’lashni man etgani bois, Anqara o’z milliy valyutasi – lira bilan hisob-kitob qilmoqda. Liraga esa Tehron Turkiyaning o’zidan tilla xarid qiladi.

Eronlik tahlilchi Jamshid Asadiy so’zlariga ko’ra, bunday tijorat har ikki mamlakatga juda ma’qul.

“Hozir Eron o’z mahsuloti uchun to’lov olishi juda qiyinlashgan, bank va moliya tizimiga cheklovlar qo’yilgan. Shuning uchun Turkiyaga neft, gaz va ba’zida elektr energiyasini sotib, evaziga tilla oladi. Savdodan Turkiya xursand, Eron ham daromad qiladi”, - deydi Asadiy.

Yil boshidan beri Turkiyaning Eronga oltin eksporti keskin oshdi. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Turkiya avgust oyida qiymati ikki milliard dollarga teng tillani Dubayga, eronlik xaridorlarga yuborgan. Buning hech ajablanarli joyi yo’q, deydi iqtisodchi Inan Demir.

“Erondan muayyan miqdorda neft olsangiz, albatta nima bilandir to’lash kerak. Hozir eng ma’qul yo’li oltin. Buning ustiga, Turkiya bunday operatsiyalarni o’tkazayotgan yagona davlat emas. Adashmasam, Hindiston ham shunday qilayapti”, - deydi Demir.

Tahlilchilarga ko’ra, Eronga nisbatan xalqaro bosim oshayotgan bo’lsada, Anqara bu davlat bilan energetik savdoga yo’q deya olmaydi. Chunki ta’minot uchun Rossiyaga tobe bo’lib qolishni istamaydi.

So’nggi ikki yilda Eron va Turkiya munosabatlari birmuncha sovuqlashgani ham rost. Arab bahori yuzasidan kelishmovchiliklar yuzaga chiqdi. Deylik, Eron Suriya prezidenti Bashar al-Assadni quvvatlab kelmoqda, Turkiya esa unga qarshi kurashayotgan isyonchilarni.

Turkiyalik sobiq deputat Suat Kiniklio’g’li fikricha, yaqin orada o’rtada savdo-sotiq ham kamaysa ajabmas.

“Suriya mojarosi yuzasidan kelishmovchiliklar davom etayapti. Bu tijoratga ham, siyosiy dialogga ham ta’sir qiladi”.

Sharhlovchilarga ko’ra, Turkiya energetik ehtiyojlarini qondirish uchun yangi ta’minotchilarni izlayapti. Eronga bosimni oshirayotgan AQSh va Yevropaga bu ma’qul. Lekin yangi ta’minotchi topish vaqt talab qiladi. Hozircha Eronga tilla eksporti davom etadigan ko’rinadi.