Iroqda mart oyida saylovlar o'tgan bo'lsa-da, haligacha yangi hukumat shakllanmagan. Deyarli teng ovoz olgan ikki yirik koalitsiya hokimiyat uchun kurashmoqda. Bu o'rtada Qo'shma Shtatlar qo'shinlarini mamlakatdan olib chiqib, Iroq siyosatchilarini mas'uliyatga undamoqda.
Iroq Bosh vaziri Nuri al Malikiy AQSh qo'shinlarining chiqarilishini ijobiy hol deb atab, Iroq ramziy ma'noda yana mustaqil bo'ldi, deydi.
"Bu to'liq mustaqilligimiz yo'lidagi muhim qadamdir".
Uning aytishicha, Iroq rahbarlari va partiyalar hokimiyat talashishni to'xtatib, bir yoqadan bosh chiqarib ish tutishi kerak.
"Terrorga qarshi kurashda, davlatni tiklashda, xavfsizlik kuchlarini shakllantirishda inoq harakat qilish kerak. Milliy birliksiz bu kurashda g'alaba qozonib bo'lmaydi".
Ba'zi iroqliklar AQSh qo'shinlari mamlakatni tark etganidan mamnun bo'lsada, mahalliy kuchlar xavfsizlikni ta'minlay olishiga ko'zi yetmaydi.
Iroq Mudofaa vaziri Abdul Qodir Jawad al Bolaniyning aytishicha, politsiya va armiya yaxshi jihozlangan va xalqni mudofaa qilishga shay.
Yaqin Sharq bo'yicha mutaxassis Piter Xarling nazarida esa AQSh kuchlari Iroqdan erta chiqib ketmoqda.
"Iroqda sobiq rejim tugatilganiga 7 yil bo'ldi, ammo AQSh haligacha o'z oldiga qo'ygan muammolarni hal etmagan. Hokimiyat va resurslar turli mazhab va elatlar o'rtasida teng taqsimlanmagan. Xususan, sunniylar, arablar, shialar va kurdlar masalasi, hududiy munozaralar. Vaziyat nisbatan tinch bo'lganiga qaramay, ertaga nima bo'lishini aniq aytish qiyin", - deydi Xarling.
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts shu hafta Miluoki shahrida urush faxriylari bilan uchrashar ekan, Iroqda g'alabani nishonlashga hali erta, degan.
"Al Qoida zaiflashgan, ammo yo'qolmagan. Qo'shinlarimiz va Iroq askarlari birgalikda qator muvaffaqiyatlarga erishgan bo'lsa-da, oldinda hali ko'p ishlar bor", - deydi u.
Geytsning aytishicha, Iroq armiyasi va politsiyasi bilan hamkorlik davom etadi. Xususan, ularni tayyorgarlikdan o'tkazishda, terrorchi guruhlarga qarshi operatsiyalar rejalashda.
Iroq urushida shu kunga qadar 4427 amerikalik harbiy nobud bo'lgan. 34 mingdan ziyodi yaralangan.
Ba'zi iroqliklar AQSh qo'shinlari mamlakatni tark etganidan mamnun bo'lsada, mahalliy kuchlar xavfsizlikni ta'minlay olishiga ko'zi yetmaydi.