Iroq armiyasi kurdlar nazoratidagi Kirkuk shahriga kirib, gubernator idorasi, harbiy bazalar va neft konini bosib olgan. 25-sentabr kuni Kurdiston mustaqillik bo’yicha referendum o’tkazgani Bag’dodni g’azablantirgan edi.
Peshmerga nomini olgan kurd jangchilar chekingani aytilsa-da, Kirkuk janubida olishuv ro’y bergani xabar qilinmoqda. Har ikki tarafdan talafotlar bor. Hukumat askarlari neftga boy shaharda Iroq bayrog'ini ko'tarishgan.
Bosh vazir Haydar Abadiyga ko’ra, harbiy amaliyotlar Iroq birdamligini saqlab qolish uchun zarur. U kurdlar o'tkazgan referendumni noqonuniy deb qoralagan edi. Peshmerga jangchilari deydiki, Bag'dod kurd xalqiga qarshi urush boshlagani unga qimmatga tushadi.
Kirkuk shahri “Islomiy davlat” jangarilari bu yerdan haydab chiqarilganidan buyon kurdlar nazoratida qolayotgan edi. Referendumdan keyin Kirkukdagi neft konlari ustida bahs qizigan.
Qo’shma Shtatlar positsiyasi shuki, Iroq yaxlit davlat bo’lib qolishi kerak. Ham Iroq qurolli kuchlarini, ham peshmerga jangchilariga madad ko'rsatib kelayotgan Vashington tomonlarni bosiqlikka undayapti.
"Umumiy dushman bu - "Islomiy davlat" guruhi. Butun e'tiborni Iroqni ekstremistlardan ozod etishga qarataylik", - deyiladi AQShning Bag'doddagi elchixonasi chiqargan bayonotda.
Sentabrdagi referendumda kurdlarning 92 foizi Iroqdan ajralib chiqish uchun ovoz berdi. Bunga javoban markaziy hukumat Kurdistonga parvozlarni to'xtatib qo'ygan. Nafaqat regiondagi davlatlar, jumladan Turkiya va Eron, balki G'arb hukumatlari ham referendumni bekor qilishga undagan edi.
Natija ayon bo'lgach Iroq parlamenti bosh vazirdan darhol Kirkukka qo'shin yuborishni, ayirmachilik harakatlariga chek qo'yishni so'ragan.