Iroq armiyasi Ramadi shahrida bugun, seshanba kuni ham qidiruv-tozalash ishlarini olib borayapti. Hukumat hududni "Islomiy davlat" to'dasidan tortib olishga muvaffaq bo'lgan.
Anbar viloyati poytaxti Ramadi shu yilning may oyida jangarilarga boy berilgan, bu Bosh vazir Haydar al-Abadiy hukumati uchun katta zarba edi. Armiya "Islomiy davlat" hamlalariga bas kela olmaganlikda ayblanib qattiq tanqid qilindi.
Biroq dushanba kuni Ramadi qaytarib olingach, bosh vazir matbuotga chiqish qilib, kelasi 2016-yil "Islomiy davlat" jangarilarini Iroqdan butunlay haydab solish davri bo'ladi, dedi.
Endigi mo'ljal, deydi Abadiy, Mosulni ozod qilish. Iroqning eng yirik shaharlaridan bo'lgan Mosul 2014-yilning yozidan beri jangarilar changalida.
Iroq qurolli kuchlari oxirgi yillarda Amerika boshliq xalqaro koalitsiya yordamida hududlarni qaytarib olishga urinmoqda; aynan so'nggi oylarda bu harakatlar samara bera boshlagan.
Qo'shma Shtatlar Iroq armiyasining Ramadidagi yutuqlarini olqishlasa-da, shahar butunlay ozod qilingan, deyishdan tiyilmoqda. Mudofaa vaziri Eshton Karter buni Ramadini jangarilardan xalos etish yo'lida olg'a qadam, deyish bilan cheklangan.
Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Iroq kuchlari jasorat va qat'iyat bilan kurashmoqda. Iroqliklar o'z uylariga qaytishlari uchun bugun yana bir muhim ish qilindi, deydi Amerika bosh diplomati.