Iroq o'z oyog'ida tura oladimi? Rasmiylar "ha" deb javob bermoqda

  • Amerika Ovozi

AQShning Iroqdagi qo’mondoni general Rey Odiyerno mamlakat xavfsizlik kuchlari ancha oyoqqa turib olgan deya ishonch bildirmoqda

Iroqni 2003 yilning martidan beri bosib olgan Amerika shu oy oxirigacha qo’shinlarning aksariyat qismini olib chiqib ketadi.

1 sentabrdan binoan mamlakatda 50 ming amerikalik askar qolib, ularga asosan jangarilarga qarshi maxsus operatsiyalar olib borish va mahalliy armiya malakasini oshirish vazifasi yuklanadi.

7 avgust kuni janubdagi Basra shahrining uch mahallasi qonga belandi. Ketma-ket portlagan bombalar o’nlab insonni hayotdan olib ketdi. Bir paytlar mazhablararo mojarolar o’chog’i bo’lgan hududlar bugun ancha tinch, lekin Iroqning yirik shaharlarida portlash va suiqasd xurujlari tez-tez uchramoqda.

Hukumat esa o’z mashmashalari bilan ovora. Mart oyida o’tgan parlament saylovlaridan beri siyosiy partiyalar orasida tortishuvlar avjida. Birortasi yetarlicha ovoz ololmagan guruhlar koalitsion hukumat tuzmoqchi, lekin oradan besh oy o’tib ham, yangilikdan darak yo’q. Amerika Iroqni tark etarkan, aholi orasida endi nima bo’ladi deya xavotirlanayotganlar juda ko’p.

AQShning Iroqdagi qo’mondoni general Rey Odiyerno mamlakat xavfsizlik kuchlari ancha oyoqqa turib olgan deya ishonch bildirmoqda.

“1 sentabrgacha yangi hukumat tuzish uchun dadil qadamlar qo’yiladi degan umiddamiz. Lekin bizning qarorlarimiz bu masalaga emas, ko’proq xavfsizlikka bog’liq. Nazarimda, Iroq qurolli kuchlari bizning ko’magimiz bilan barqarorlikni ta’minlay oladi”.

Iroq armiya qo’mondoni, general-leytenant Ali G’aidan bu fikrga qo’shiladi.

“Xavfsizlik kuchlarimiz yaxshi tayyorgarlikdan o’tgan va tinchlikni ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko’rishga tayyor. Barqarorlikni asrash asosiy vazifamiz axir. Biz bu ishni AQSh qo’lidan olishga shay turibmiz”.

Amerikalik tahlilchi Xelle Deyl fikricha, Obama ma’muriyati Iroqda tezlikda yangi hukumat vujudga kelishi uchun harakat qilishi kerak. “Biror narsa qilmasak, vaziyat izdan chiqadi”,- deydi olima.

“Iroq xalqi oyoqqa turib olishini ta’minlamoqchi edik. Lekin bugun ular hatto o’z hokimiyatini tuzishga qodir emas. Nega biz bosim o’tkazmay tomosha qilib o’tiribmiz”?- deya so’raydi Xelle Deyl.

Hukumat zaif ekan, xavfsizlik kuchlari bugun boshqaruv va nazoratni qo’lga oladi. Bu Iroq kelajagi uchun xavfli, deydi tahlilchi, demokratik tuzumga putur yetadi.

“Butun mamlakat harbiylar izni ostida qolishiga yo’l qo’ymaslik kerak, Iroq kuchli bosh vazir va prezidentga muhtoj”, - deydi Xelle Deyl.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Iroqning yangi saylangan parlamentini tezroq yangi rahbariyat tayinlashga chaqirmoqda.

Tashkilotning Iroqdagi vakili Ad Melkert nazarida jangari kuchlar bugungi mavhumlikdan foydalanib qolishga, xalq irodasini sindirishga urinmoqda.