AQSh armiyasi Iroqdan ketmoqda, ammo Bag’dod so’rasa, qolishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Iroqda partiyalar yangi hukumat tuzishga qiynalib, bahs qilayotgan bir pallada, AQSh armiyasi mamlakatda qolgani afzalmi degan savol o’rtaga tashlanmoqda.

AQSh armiyasi shu oy oxirigacha Iroqdan ketadi. Shundan so’ng ikki davlat harbiy hamkorligi qanday ko’rinish oladi – tomonlar mana shu ustida o’ylanmoqda.

Har hafta minglab zobitlar vatanga qaytmoqda va kuzgacha faqat 50 ming askar qolishi kerak.

Endilikda mudofaa uchun mahalliy armiya mas’ul. Harbiy bazalar, aholi himoyasi, ektremist kuchlar bilan kurash – bari Iroq zobitlari zimmasida. Qolayotgan AQSh kuchlari esa faqat maslahat, treyning bilan yordam beradi.

Iroqdagi operatsiyaning nomi ham o’zgaradi. Avval Iroq Ozodlik amaliyoti edi, endi Yangi zamon deya ataladi

2008 yilda AQSh bilan imzolangan bitimga ko’ra esa, kelasi yil oxirigacha, mamlakatda birorta amerikalik askar qolmaydi.

Ammo mazkur bitimga tuzatish kiritish kerak degan fikrlar ham yo’q emas. Joriy hafta Iroq generali Babakir Zeboriy Amerika armiyasi yana 10 yil qolishi lozim, deya ta’kidlagan.

Harbiy tahlilchi Maykl Oxanlon bu mulohazalarni tushunsa bo’ladi, deydi. “General Zeboriy shu tariqa Iroq hukumatini ogohlikka chaqirmoqda, bahs munozarani tugatib, davlatni boshqarishga kirishing degan ma’noda”, - deydi Oxanlon.

“Iroq va Amerika harbiylari orasida bu fikrni yoqlovchilar talaydina”, deydi olim.

“Iroqda kelajakda ham AQSh harbiy bazalari, mutaxassislar, maxsus kuchlar qolishi kerak. Chunki davlat hali mahkam oyoqqa turib olmagan. Mazhablararo ziddiyat hali ham kuchli, elatlararo adovat bitmagan. Mamlakat barqaror bo’lishi uchun Iroq qurolli kuchlari pishiq bo’lishi kerak. Buning uchun esa xorij madadi lozim. Albatta AQSh askarlarini yana bir necha yilga qoldirish masalasi nozik. Biroq Iroq hukumati haqiqatan yordamga muhtoj bo’lsa, har qanday taklifni ko’rib chiqishga tayyormiz”, - deydi Pentagon rasmiylari.