Iroq-Turkiya aloqalarida iliqlashuv

  • Amerika Ovozi

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto’g’li yaqinda Istanbulda Iroq Tashqi ishlar vaziri Hushyor Zeboriyni qabul qilib, ikki davlat rishtalari butun mintaqa barqarorligi uchun zarur deb eslatdi.

Oxirgi bir yilda Turkiya va Iroq rahbariyati janjallashib, bir-birini mazhablar ig’vosida aybladi. Ammo bugun ikkisi kelishganday.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto’g’li yaqinda Istanbulda Iroq Tashqi ishlar vaziri Hushyor Zeboriyni qabul qilib, ikki davlat rishtalari butun mintaqa barqarorligi uchun zarur deb eslatdi.

Zeboriyning Anqaraga tashrifi, Dovuto’g’lining tez orada Bag’dodga rejalangan safari qisqa taranglikdan keyin aloqalar yana jonlanayotganidan dalolat beradi.

Turkiyadagi “Taraf” gazetasi muxbiri Semih Idiz buni al-Qoida tug’dirayotgan xavf bilan izohlaydi.

“Umumiy tahdid vujudga kelayapti, ayniqsa, Suriya urushga botgan bir pallada. Ekstremizm Iroqning kundalik boshog’rig’iga aylangan. Turkiya uchun ham tobora real xavf-xatar kasb etmoqda bu omillar. Holbuki, avvaliga Anqara Suriyadagi isyonni yoqlagan, xususan, al-Qoidaga aloqador elementlarni ko’rib-ko’rmaganga olgan edi”, - deydi Idiz.

Ammo haqiqiy iliqlashuv uchun to’siqlar hali butunlay barham topmagan.

Anqara Iroq vitse-prezidenti Tariq al-Xoshimiyga, vatanida o’lim jazosiga hukm qilingan sunniy rasmiyga boshpana berdi. Bag’dod sudi xulosasiga ko’ra, Xoshimiy muxolifat, xavfsizlik xizmati va din ahliga qarshi yuzlab xurujlarni amalga oshirgan maxsus bo’linmani boshqargan.

Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy Anqaraning Xoshimiyga panoh berish qarorini o’zga davlat ichki ishlariga aralashish deb talqin qildi.

Boshqa bir masala – Turkiya hukumatining yarim muxtor Iroq Kurdistoni bilan tobora rivojlanib borayotgan iqtisodiy hamkorligi.

Turkiya Iroq Kurdistoni bilan chegaradosh va Anqara bu o’lkaning boy energetik zaxiralaridan foydalanib, o’zining neft-gazga ehtiyojini qondirmoqchi. Bag’dod esa ana shu zaxiralar ustida Iroq Kurdistoni bilan talashib-tortishadi va Anqarani region bilan bordi-keldi qilgani uchun tanqid qiladi.

Vashington Anqaraning yaqin ittifoqchisi. Amerika hukumati Turkiyani Bag’dodni chetlab o’tib, kurdlar bilan biznes qilishdan tiyilishga chaqirib keladi.

Bryusseldagi Karnegi Instituti ilmiy xodimi Sinan Ulgen so’zlariga qaraganda, Anqara bu ogohlantirishni inobatga oldi.

“Anqara va Iroq Kurdistoni neft-gaz resurslari yuzasidan qator bitimlarni imzoladi va yana ko’pini rejalab qo’yibdi. Shu sababli Turkiya Bag’dodni ham jalb qilmoqchi, toki sarmoya uchun qulay muhit bo’lsin, bu zaxiralar Bag’dod roziligi bilan G’arb bozoriga yetib borsin”, - deydi Ulgen.

Turkiya sobiq elchisi, TASAM ilmiy tahlil instituti rasmiysi Murat Bilxan so’zlariga ko’ra, Anqara va Bag’dodni murosaga qancha da’vat qilishmasin, oxirgi voqealar o’zaro ishonchni yemirdi.

“Ular bizga, biz esa ularga ishonishimiz kerak. Lekin hozircha manzara shuning teskarisi… Mushkul vaziyat. Undan chiqish uchun ancha vaqt kerak bo’ladi”, - deydi Bilxan.

Oxirgi haftalarda o’tkazilgan diplomatik uchrashuvlar shunga qaratilgan. Tahlilchilar nazarida haqiqiy o’zgarish Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy kelasi oy Turkiyaga borganidan keyin ro’y berishi mumkin.