“Islomiy davlat” jangari guruhi shimoliy Suriya hamda shimoli-g’arbiy Iroqda katta hududlarni egallab olish bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham axborot urushi olib bormoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Raqamlar hayratlanarli darajada. “Twitter” va boshqa ijtimoiy saytlarni kuzatuvchi “Recorded Future” guruhi tahlilchisi Stefan Truvning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda “Islomiy davlat” jangarilari haqida xayrixoh fikr bildirgan odamlar soni 60 mingdan ortiq.
Guruhga tegishli sahifalar, hatto “Android” tizimida ishlovchi ilova-dastur orqali yuz minglab odamlarga jangarilar mafkurasi singdirilmoqda, deydi u.
Bunday sahifalarni yo’qotish qiyin. Masalan, “Twitter”da jangarilarga oidligi aniqlangan biror sahifa yopilsa, tezda uning o’rniga yangisi ochiladi.
“Ular media strategiyasini puxta rejalangan. Axborot yetkazish vositalarining to’xtab qolmasligini ta’minlash hamda ma’lumotlarni keng miqyosda tarqatish imkoniyatini yaratish masalasi juda yaxshi yo’lga qo’yilgan”, - deydi Truv.
“Soufan Group” xavfsizlik razvedkasi xizmatlari kompaniyasi mutaxassisi Patrik Skinnerning aytishicha, jangari guruhning odam yollash bo’yicha olib borayotgan xalqaro sa’y-harakatlari ham mohirlik bilan amalga oshirilmoqda.
Guruh Yevropa, AQSh, Janubiy Osiyo hamda mahalliy Iroq va Suriyadagi har bir hudud uchun alohida strategiya ishlab chiqqan, deydi u.
“Sarguzasht qidirayotgan, mavjud tizimga zid ish qilishni yoqtiruvchi yoki islomga yangi kirgan odamlarni nishonga olishadi. G’oyalarini xuddi video o’yinga o’xshagan jozibali bir narsa qilib ko’rsatishadi”, - deydi Skinner.
Merilend universitetida tadqiqot qiluvchi Filip Smitning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlar orqali ekstremistlar bevosita va bilvosita o’zlariga yangi tarafdorlar yig’moqda.
“Bu endi butunlay boshqa bir dunyo. Ular sizga bu guruhlarga, jangarilar yoki ularning odamlariga qanday bog’lanish yo’llarini o’rgatadi, ularga olib boruvchi yo’lni ko’rsatishadi”, - deydi u.
Smitga ko’ra, AQSh Davlat departamenti ham “Islomiy davlat”ning ijtimoiy tarmoqlardagi kampaniyasiga qarshi internetda kurash olib bormoqda. Ammo buning qanchalik samara berayotganini aytish qiyin, deydi u.
Skinnerning aytishicha, guruh keng qamrovli internet kampaniyasi hamda muvaffaqiyatli harbiy amaliyotlari orqali allaqachon butun dunyoda dovruq qozondi.
“Ilgari jihodga qo’shilmoqchi bo’lgan odamlar uchun eng yaxshi guruh “Al-Qoida” edi. Hozir oxirgi o’tgan olti oy ichida va noma’lum muddat kelajakda ham “Islomiy davlat” jihodchlar uchun eng mashhur nomga aylandi”, - deydi tadqiqotchi.
Skinnerning ogohlantirishicha, “Islomiy davlat” barcha ekstremist guruhlarni o’z bayrog’i ostida birlashtirish orqali AQSh va G’arbni yanada sarosimaga solishni maqsad qilgan.