Din

Islom: Musaffo e'tiqodning siyosat quroliga aylanish tarixi

Falastinlik musulmonlar Quddusdagi muqaddas dargohda ibodat qilmoqda, 5-oktabr, 2014-yil.

Islomshunos olim, Indiana universiteti professori Nazif Shahroniy fikricha, insonlar uchun shaxsiy e'tiqod sifatida boshlangan islom dini keyinroq davlat va boshqa uyushgan guruhlar qo'lida siyosiy maqsadlarga erishish vositasiga aylangan. Tadqiqotchi buni islom dini tarixini to'rt bosqichga bo'lgan holda tushuntiradi. Islom dunyosi so'nggi asrlarda boshdan kechirgan mustamlakachilik davrida ham, undan keyingi milliy davlatchilik qurish yillarida ham siyosiy guruhlar xalqni boshqarishda islom nomidan unumli foydalangan. Bu esa islom haqidagi qarashlarning o'zgarishiga sabab bo'ldi, deydi olim.

Your browser doesn’t support HTML5

Islom va milliy davlatchilik, Behzod Muhammadiy

Nazif Shahroniy, asli afg'onistonlik o'zbek, islom tarixini to'rt bosqichga bo'ladi. Unga ko'ra, avval saltanatlar haqiqiy iymon va aqidaga asoslanib qurilgan bo'lsa, bora-bora islom dini siyosiy institutlar maqsadlariga xizmat qiluvchi qurolga aylandi.

"Islom to'rt palladan o'tib kelgan tarixda. Birinchisi aqida saltanatlari edi. Iymon va aqidaga asoslangan bu bosqich mustamlakachilik davrlaridan oldin bo'lgan. Unda siyosat dinning xizmatida bo'lgan, dinni qo'llab-quvvatlagan", - deydi Shahroniy.

Vaqt o'tishi bilan islomiy saltanatlar zaiflashib, dunyoning bir necha qit'asida hukmronlik o'rnatgan xalifalik institutiga darz ketdi. Islomiy o'lkalar birin-ketin Yevropa imperiyalari mustamlakasiga aylanib bordi. Bu jarayon islom diniga qanchalik ta'sir o'tkazdi?

"Ilgari siyosat dinning xizmatida bolgan bo'lsa, endi din siyosatning xizmatini qila boshladi. Shuningdek, musulmon bo'lmagan mustamlakachilar islom yerlarini bosib olgach, mahalliy yetakchilar xalqni islom nomi bilan mustamlakachilarga qarshi kurashga da'vat qila boshladi. Bu ishda ular ko'p muvaffaqiyat qozondi", - deydi olim.

XX asr ikkinchi yarmiga kelib ko'proq musulmon o'lkalari mustamlakachilar zulmidan qutilib, o'z milliy davlatlarini qurdi. Yangi mustaqil davlatlarda ham islom siyosiy qurol vazifasini o'tashda davom etdi, deydi Shahroniy.

"Undan keyin yangi davlat qurilganda, yangi davlat rahbarlari o'yladiki, islom juda kerakli bir narsa ekan. Natijada ular islomni yanada ko'proq siyosatning xizmatiga olib keldilar, dinni milliy qilib oldilar", - deydi o'zbek olimi.

Islom milliylashgach, islom va jamiyat aloqalarida, davlat bilan munosabatlarda yangi muammolar yuzaga chiqdi. Dindan siyosiy maqsad yo'lida foydalanuvchi hukumatlar qatorida, uni davlat barqarorligi uchun tahdid sifatida ko'ruvchi siyosiy guruhlar ham paydo bo'ldi.

"Ba'zi mamlakatlarda xalq orasida ta'siri kuchli bo'lgan dinning davlat uchun zararli bo'lishi mumkinligi haqida o'ylay boshlashdi. Shuning uchun dinni yo'qotishimiz kerak, deb harakat qila boshlashdi. Sovet tuzumi bunday ishlarni ko'p qildi. Turkiyaning Kamol Otaturki ham shunday ishlarni qildi", - deydi tadqiqotchi.

Dinni jamiyatdan butunlay yo'qotishga uringan tuzumlardan musulmonlar qanchalar nafratlangan bo'lsa, dindan siyosiy qurol sifatida foydalangan milliy davlatlar ham musulmon aholi qarshiligiga uchradi. Haqiqiy va erkin diniy ta'lim cheklangani bois xalq orasida diniy savodsizlik kuchaydi. Natijada dinga bog'lanuvchi turli ijtimoiy-siyosiy muammolar o'rtaga chiqa boshladi, deydi Nazif Shahroniy.

"Tolibon bir tomonda, Eronning oyatullohlari boshqa tomonda, Saudiyaning vahhobiylari boshqa tomonda. Har kim o'zinikini haq deb biladi. Mana shu islom deydi. Bundan boshqa islom yo'q deydi",- deya fikr bildiradi amerikalik olim.

Nazif Shahroniy islom dinida turli firqa va talqinlarning ko'payishiga diniy ta'limda erkinlikning yo'qligini asosiy sabab deb biladi.

"Islomning hamma tomonini o'rganish kerak. Bir yaxshi musulmon vahhobiylikni ham o'rganishi kerak. Unga amal qiladi, qilmaydi, bu boshqa gap. Ammo bilishi kerak. Eron oyatullohlarining ham kitoblarini o'qishi, bilishi kerak. Bundan tashqari, toliblar qayerda o'qidi, nima o'qidi, bularni ham bilishi kerak. Undan ham muhimrog'i, Qur'onni yaxshiroq o'rganish kerak. Shunda musulmonlar yaxshiroq davlat qura oladi", - deydi Shahroniy.

Olimga ko'ra, milliy-musulmon davlatlaridagi korrupsiya, diniy erkinlikning yo'qligi xalq va hukumat o'rtasidagi qarama-qarshilikni yanada kuchaytirayotgan omillardan. Ayrim kuchlar muammolarning sababini dindan qidirmoqda; vaholanki, asl muammo haqiqiy diniy ta'limotning yo'qligida va dinning davlat tomonidan nazorat qilinishida, deydi Nazif Shahroniy. Uning ta'kidlashicha, erkin diniy ta'limning yo'lga qo'yilishi jamiyat barqarorligi uchun xatarli bo'lgan oqimlar yuzaga chiqishining oldini oladi.