Razvedka agentliklari Suriyada amerikalik jurnalist Jeyms Folini o’ldirgan jangarini topish harakatida. Qo’lida pichoq ko’targan qora niqobdagi shaxs Britaniyaga xos aksentda so’zlagan. “Islomiy davlat” terror guruhi safida yuzlab xorijiy jihodchilar, jumladan britaniyaliklar jang qilayotgani taxmin qilinadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Iyun oyida internetda joylashtirilgan videoda jihodchilar musulmonlarni Suriyaga kelishga, ular bilan yelkama-yelka turib jang qilishga da’vat etgan edi.
Ulardan biri o’zini Britaniya fuqarosi Abu Dujana al-Hindiy deb tanishtiradi.
“Ortda qolgan birodarlarimiz o’zlariga savol berishsin: Bu muqaddas yurtga kelishdan sizni nima ushlab turibdi? Mujohidlar safidan joy olishingizga nima halaqit berayapti?”, - deb so’raydi u video murojaatida.
Jurnalist Jeyms Folini qatl etgan odam ham britancha aksentda gapiradi. Xorijiy jangchilar “Islomiy davlat” guruhi uchun muhim ahamiyatga ega, deydi terrorizm masalalari bo’yicha ekspert Xanna Stuart.
“Ular eng zo’r jangchilar emasdir, lekin yangi a’zolarni yollashda effektiv qurol. Kameraning oldiga qo’yib, G’arbiy Yevropadagi musulmonlar orasidan odam yollashadi”, - deydi suhbatdosh.
Suriyada jang qilayotgan chet elliklar haqida film ishlagan Bilol Abdul Karimning aytishicha, jurnalistning qotili britancha aksentda so’zlagani bejiz emas.
“Ekstremistlar safida g’arbliklar bo’lsa, aynan o’shalarni reklama sifatida qo’llashadi, so’zlovchi sifatida ishlatishadi. Chunki buning ta’siri kuchli”, - deydi kinochi.
Mahalliy mojarolar asnosida oyoqqa turib olgan “Islomiy davlat” guruhi bugungi kunda global nufuzini ko’rsatmoqchi, deya tahlil qiladi harbiy ekspert Afzal Ashraf.
“Ular o’z mafkurasini yoyishni, tan olinishni, homiylarini ko’paytirishni istaydi. Dunyoning har bir burchagidan, ayniqsa G’arbdan tarafdor izlashmoqda”, - deydi Ashraf.
Shu yilning fevralida internetga yuklangan yana bir videoda Suriyaning Halab shahrida Britaniya fuqarosi o’zini portlatganini ko’rish mumkin.
Tadqiqotchi Xarris Rafiq fikricha, ekstremizmning oldini olishga kelganda Britaniya hukumati juda sust.
“Musulmon birodarlar singari guruhlar necha 10 yillardan buyon o’z qarashlarini ochiqchasiga, hukumat e’tirozisiz targ’ib qilib keladi”, - deydi u.
Ayni damda AQSh va Britaniya razvedka idoralari jurnalistni o’ldirgan shaxsni aniqlash va topishga harakat qilayapti. “Islomiy davlat” zamonaviy texnologiyalardan foydalanishi tergovda qo’l keladi, deydi professor Piter Nyuman.
“Jangarilar bir-biri bilan “Twitter”, “Facebook”, “Whatsapp” va “Skype” orqali muloqot qiladi. Razvedka bu ijtimoiy tarmoqlarni kuzatadi”, - deydi Nyuman.
Britaniya mutasaddilari jinoyatchilarni topishda musulmon jamoalardan ham yordam so’ramoqda. Ularni topib jazolash oson bo’lmasligi hammaga ayon.
Your browser doesn’t support HTML5