Isroilda dam olish kunlari bo’lib o’tgan namoyishlarda Bosh vazir Benyamin Netanyaxu siyosatidan norozi fuqaro erta saylov o’tkazishni talab qildi, hukumatni XAMAS bilan garovdagilarni ozod etish masalasida kelisha olmaganlikda aybladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Isroil G’azo Sektorida harbiy amaliyotni tugatishni xayoliga ham keltirmas ekan, o’tgan yil 7-oktabridan beri uning hujumlarida G’azo Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra 33 mingdan ziyod falastinlik o’ldi, 75 ming nafari jarohat oldi.
Isroil havo hujumlari natijasida hududda deyarli birorta butun imorat qolmadi. Isroil harbiy jinoyatlarga doir ayblovlarni inkor etishda davom etmoqda.
BMT G’azoda ochlik xavfi haqida ogohlantirib kelmoqda. Sektor aholisini millionlab taom bilan ta’minlab kelgan “Jahon markaziy oshxonasi” nodavlat tashkiloti Isroil hujumida bir nechta xodimidan ayrilganidan so’ng faoliyatini to’xtatishga majbur bo’ldi.
Tashkilot asoschisi Xose Andres Isroilni urush zonasida tinch aholiga zarar yetkazmaslikka chaqirdi.
“AQSh Isroil bilan do’st bo’lishi mumkin, ammo shu bilan birga, Yaqin Sharqdagi hamkoriga “urushni bunday olib borish to’g’ri emas, hamma binolarni, kasalxona, maktab, universitetlarni, ikki milliondan ziyod falastinlik taqdirini keyingi o’nlab yilga vayron qilish, ularni och, suvsiz qoldirish, yegulik uchun navbatda turganida ko’chada o’qqa tutish to’g’ri emas” deb aytishi kerak”, - deydi Andres.
Jahon hamjamiyati tashkilot xodimlari ketayotgan avtokarvonga hujumni mustaqil tergov qilishga chaqirmoqda.
Netanyaxu bo’lgan voqeani fojia deb atadi, ikki ofitser lavozimidan olingan.
Isroil rahbari XAMAS garovda ushlab turgan barcha odamlar qo’yib yuborilmasa, gumanitar sulh bo’lmasligini ta’kidlab kelmoqda.
O’tgan hafta Oq uy Isroil G’azodagi harbiy amaliyotiga o’zgartirish kiritmasa, Isroilga nisbatan siyosat o’zgarishi haqida ogohlantirdi.
AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining direktori Qohirada XAMAS vakillari bilan uchrashib, sulh xususida gaplashgan. Misr matbuotiga ko’ra, taraflar ayrim munozarali masalalar bo’yicha kelishishga muvaffaq bo’lgan. Muloqotda Misr, Isroil va Qatar vakillari ham qatnashmoqda. Isroil va Falastin rasmiylari sulh bo’yicha kelishuvga shu hafta erishilishi mumkinligi to’g’risidagi gaplarni inkor etmoqda.
XAMAS vakillari ham muzokaralarda olg’a siljish borligini tasdiqlagani yo’q. Harakat Isroil askarlari G’azoni butunlay tark etishi, Isroil qamoqxonalaridagi falastinliklar ozod etilishi hamda Isroil hujumlaridan qochgan odamlar uylariga qaytishi kerakligini talab qilgan, biroq Isroil ularning talabini qondirmoqchi emas.
XAMAS va Qatar delegatsiyalari ikki kundan keyin Misrga qaytib borishi kutilmoqda.
Bu o’rtada Nikaragua Xalqaro adliya sudiga murojaat qilib, G’azo ahli qatliomga yuz tutayotganini bildirdi, suddan Germaniyaga Isroilga qurol sotishni taqiqlashni hamda BMTning falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi idorasini moliyalashni to’xtatish qaroridan voz kechishni buyurishni so’radi.
Nikaragua vakiliga ko’ra, Isroil G’azodagi harbiy amaliyoti paytida 1948-yilgi Genotsid haqidagi konvensiyada kafolatlangan huquqlarni poymol qilgan, Germaniya esa Isroilga qurol sotish orqali konvensiyaga xilof ish tutmoqda.
Isroil qatliom haqidagi ayblovlarni inkor etarkan, o’zini mudofaa qilishga haqli ekanini ta’kidlab keladi. Germaniya rasmiylari sud ishining asossiz ekaniga ishora qilarkan, 9-aprel kuni o’z dalillarini taqdim etishi kutilmoqda.
2023-yilda Germaniya Isroilga 353 million dollarga teng qurol va harbiy texnika eksport qilgan.